French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Diniy bag‘rikenglik – millatlararo muloqotning samarali vositasi
20:47 / 2025-11-15

O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tashabbusi bilan Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) ko‘magida “Xalq diplomatiyasi va diniy bag‘rikenglik – millatlararo muloqotning samarali vositasi: Yangi O‘zbekiston tajribasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Anjumanda tegishli vazirlik, idoralar, nodavlat tashkilotlari rahbarlari, ilmiy doiralar, milliy madaniy markazlar vakillari hamda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni ochib bergan Qo‘mita raisi o‘rinbosari Olim Narzullayev diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash bugungi kunda nafaqat mamlakat barqarorligini ta’minlash, shu bilan birga jahon hamjamiyati oldida Yangi O‘zbekistonning ochiq va bag‘rikeng davlat sifatidagi imijini mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda har bir fuqaroga o‘z e’tiqodi asosida yashash va rivojlanish uchun keng imkoniyat yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini qayd etdi.

Markaz direktori Qobiljon Sobirov davra suhbatining maqsadi dinlararo muloqot va xalq diplomatiyasi orqali o‘zaro anglashuvni kuchaytirish, tinch va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash ekaniga urg‘u berdi. Shuningdek, muassasa tomonidan ayni yo‘nalishda qator amaliy ishlar qilinayotgani, aniq loyihalar ilgari surilayotgani, shu orqali dinlararo muloqot va o‘zaro anglashuv madaniyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shilayotganiga to‘xtaldi.

JIDU professori E’tibor Sultonova Xalq diplomatiyasi – nafaqat rasmiy muloqot vositasi, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlovchi kuchli madaniy va ma’naviy ko‘prik ekani, diniy bag‘rikenglik esa ana shu ko‘prikni barqaror va mustahkam holda saqlab turishning asosiy shartlaridan biri hisoblanishiga e’tibor qaratdi. Yangi O‘zbekistonda bu jarayon fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari va ommaviy axborot vositalari hamkorligida samarali amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Tadbir yakunida dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, diniy-ma’rifiy ta’lim samaradorligini oshirish, madaniyat va sivilizatsiyalar muloqotini kengaytirish hamda xalq diplomatiyasi mexanizmidan foydalanish orqali jamiyatda bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirishga doir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Anjuman ishtirokchilari ta’kidlaganidek, xalq diplomatiyasi va diniy bag‘rikenglikni rivojlantirish – tinchlik, barqarorlik va ma’naviy birdamlikni ta’minlashning muhim omili. Shu nuqtai nazardan ayni yo‘nalishda ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida bag‘rikenglik qadriyatini keng targ‘ib etish muhim vazifa sifatida belgilandi.

O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA