Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbari A.Boboyev futbol bo‘yicha mamlakat Superligasi joriy yilgi mavsumi oldidan “Dinamo” jamoasi taqdimotida bu fikrni ilgari surdi.
Jamoa a’zolari va murabbiylar shtabi, klub homiylari va mutasaddi rahbarlar, futbol muxlislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda A.Boboyev “Dinamo” jamoasining o‘tgan mavsumdagi yorqin o‘yinlarini e’tirof etdi. Futbolchilar va muxlislarni yangi mavsum bilan tabriklab, jamoa yuqori natijalarga erishishi uchun doim qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
[gallery-27889]
– Yangi mavsum g‘alabalarga boy bo‘lishini kutyapmiz, – dedi A.Boboyev. – Superliga hamda O‘zbekiston kubogi bahslarida sovrinli o‘rinlarni egallash klub rahbariyati va futbolchilar uchun asosiy vazifa hisoblanadi. Buning uchun jamoaga barcha sharoitni yaratib beramiz, doim qo‘llab-quvvatlaymiz. Agar bu yilgi mavsumda “Dinamo” chempion bo‘lsa, Samarqandda yangi stadion qurilishini ham boshlaymiz.
Vadim Abramov boshchiligidagi jamoaning yangi tarkibi, murabbiylar shtabi ommaga tanishtirildi va futbolchilarga liboslari tarqatildi. Shuningdek, viloyat hokimiga 72-raqam topshirildi.
Superliganing 1-turida “Dinamo” jamoasi 28-fevral kuni Samarqandda Namanganning “Navbahor” klubiga qarshi maydonga tushadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari