O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning faoliyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, shu yilning o‘tgan davri mobaynida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida allomalarning 51 ta asari xalqchil tarjima qilindi. Yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirishga oid 210 ta ilmiy maqola, 4 nomdagi davriy ilmiy jurnal nashr etildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida 3 ming 115 nafar diniy soha xodimlari hamda manfaatdor idoralar mutaxassislarining malakasi oshirildi.
Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diniy-ma’rifiy sohalarga oid Turkiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Misr, Malayziya, Indoneziya, Singapur, Afg‘oniston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlarning turdosh tashkilotlari bilan birga tashkil etilgan 52 ta tadbirda offlayn va onlayn ishtiroki ta’minlandi.
Tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida fuqarolarimiz uchun Haj va Umra ziyoratlari yuqori saviyada tashkil etilib, 15 ming 150 nafar ziyoratchi Haj amalini, 34 mingdan ortiq ziyoratchi Umra amalini ado etdi.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, hududlarda 6 ta yangi diniy tashkilot o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, 7 ta diniy tashkilotda tubdan qayta qurish, 18 tasida ta’mirlash ishlari yakunlandi, 250 ta binoda qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 2 ming 125 ta masjid va 197 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda.
Hisobot davrida noislomiy diniy konfessiyalar rahbarlari va vakillarining 10 ta turli xalqaro va 7 ta mahalliy tadbirdagi ishtiroki ta’minlandi. Ular ishtirokida 8 ta teleko‘rsatuv, 20 ta intervyu tasvirga olinib, markaziy telekanallar orqali namoyish etildi. Ularning diniy bayram, tadbir va marosimlarini o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida 34 ta davlat va jamoat tashkilotlarida 11 ming 822 nafar, 20 ta davlat va nodavlat oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarida 21 ming 180 nafar o‘quvchi, talaba, professor-o‘qituvchi va xodimlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi. 20 mingdan ziyod uyushmagan yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarda respublika bo‘ylab 9 000 dan ortiq mahallalarda 500 mingdan ziyod aholi bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar olib borildi.
Xotin-qizlar bilan o‘tkazilgan psixologik-treninglarga 4 000 nafardan ziyod xotin-qizlar qamrab olindi.
Reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishga muhtoj bo‘lgan 6 mingdan ziyod shaxslar va ularning oila a’zolari bilan 5 mingga yaqin profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan g‘oyalar va qarashlar tarqalishiga xizmat qiluvchi 2 mingdan ortiq materiallarning yurtimizga kirib kelishi oldi olindi.
Respublikadagi diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni noxolis talqin etish, ulamolarni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlarga qarshi mafkuraviy kurashni tizimli tashkil etish maqsadida diniy-ma’rifiy saytlarda 4 125 ta (video, audio, maqola va infografika ko‘rinishidagi) material e’lon qilindi.
Ushbu davr mobaynida Qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan 1 ming 277 ta murojaat kelib tushgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan murojaatlar soni 250 taga kamaygan.
Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlarning 856 tasiga huquqiy ma’lumot berildi, 280 tasi ijobiy hal qilindi, 83 tasi (diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarda ko‘rsatilgan kamchiliklar sabab) rad etildi, 34 ta murojaat jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi qonunning 25-moddasiga asosan tegishliligi bo‘yicha vakolatli davlat organlariga yo‘naltirildi, 24 tasi bo‘yicha o‘rganish jarayoni davom etmoqda. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardagi faoliyat tizimli tarzda davom ettirilmoqda.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA