Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dilnoza Musayeva: “Besh yulduz” maqomini olish bizga katta mas’uliyat yuklaydi”
19:11 / 2022-03-15

Keyingi paytda tibbiy turizmni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilayotgani ushbu sohada dastlabki natijalarga erishishga imkoniyat yaratmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu tizim rivoji uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Mazkur qaror bilan yurtimizda tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish tadbirlari ko‘rilmoqda. Xususan, respublikamizda aynan shu talablar asosida zamonaviy sanatoriylarning barpo etilayotgani fikrimiz isbotidir.

2021 yilda poytaxtimizdagi Yunusobod tumani hududida o‘z faoliyatini boshlagan “Chinobod plaza sanatoriysi” mas’uliyati cheklangan jamiyat ulardan biri. U jahon standartlari talablariga har jihatdan javob bera oladigan sog‘lomlashtirish maskani hisoblanadi.

O‘zA muxbirining “Chinobod plaza sanatoriysi” MCHJ direktori Dilnoza MUSAEVA bilan suhbati ushbu maskan faoliyati va qisqa muddatda erishilgan natijalar, uning qaysi kasalliklarni davolashga ixtisoslashgani hamda bu yerda yaratilgan shart-sharoit haqida bo‘ldi.

– Avvalo, har bir maqsadli ish xalqimiz manfaati va ularning sog‘lom hayotini ta’minlashga qaratilgani bilan axamiyatlidir, – dedi D.Musayeva. – Davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugun qaysi tizimga qaramang, ularda yangicha ishlar tartiblari va o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Xuddi shu kabi sog‘liqni saqlash tizimi, sog‘lomlashtirish markazlari, sanatoriylar faoliyatida ham katta islohotlar olib borilmoqda.

Sog‘lomlashtirish tizimi haqida gap ketganda, ularda zamon talabi darajasida qulayliklar yaratish, zamonaviy tibbiy uskunalarga ega bo‘lish va tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Mamlakatimizda sog‘lomlashtirish markaz va sanatoriylar ishi bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plangan. Bugun faoliyat yuritayotgan har bir sog‘lomlashtirish maskanlarida ana shunday tajriba va yangiliklarni kuzatishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 apreldagi qaroriga asosan respublikamizda tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishda keng yo‘l ochib berdi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlashda bir qator maskanlar qatori “Chinobod plaza sanatoriysi” MCHJ faoliyati ham bunga yaqqol misoldir.

– “Chinobod plaza” sanatoriysi qaysi kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan va bu yerda dam oluvchilar uchun qanday qulayliklar yaratilgan?

– O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 2020 yil dekabr oyida sanatoriy qurib bitkazilgan. U 2021 yil 4 yanvarda tantanali ravishda ochildi. 

Sanatoriy oshqozon-ichak kasalliklarini davolashga mo‘ljallangan. Bu yerdagi natriy gidrokorbanadli mineral suvi muolajalardan muhim bo‘lib, u inson organizmining oshqozon-ichak a’zolari faoliyatini yaxshilaydi. Qandli diabet kasalligida ham ijobiy foyda beradi. Bundan tashqari, sanatoriyda nevrologik, endokrinologik, ginekologik kabi kasalliklarni davolash xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Sanatoriy 144 o‘rinli bo‘lib, unda standart, katta standart, polulyuks, lyuks xonalar mavjud. Har bir xona zamonaviy va o‘ziga xos dizaynga ega. Zarur jihozlar va mebellar xonalarga yanada ko‘rkamlik bergan. Dam oluvchilar uchun basseyn, sog‘lomlashtirish jismoniy mashg‘ulotlari, fitobar singari bo‘limlar muntazam faoliyat olib boradi.

– Ta’kidlaganingizdek, sanatoriy xodimlari o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Ular doimiy izlanishda. Ana shunday izlanishlar samarasida “Chinobod plaza” sanatoriysi “besh yulduz” maqomini olishga muvaffaq bo‘libdi. Bu maqom ushbu sog‘lomlashtirish maskani va dam oluvchilar uchun qanday imkoniyatlarni beradi?

– Darhaqiqat, joriy yilning 12 mart kuni sanatoriy jamoasi uchun katta yangilik bo‘ldi, ya’ni “Chinobod plaza” sanatoriysi “besh yulduz” maqomini qo‘lga kiritdi. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi tibbiy turizm assotsiatsiyasi mas’ullari va sanatoriy xodimlari ishtirokida tantanali tadbir o‘tkazilib, bizga sanatoriy “besh yulduz” maqomiga ega bo‘lganligi haqida sertifikat topshirildi. 

Ochig‘ini aytganda, ushbu maqomga ega bo‘lish oson emas va uning o‘ziga xos talablari mavjud. Shu yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi tibbiy turizm assotsiatsiyasi tomonidan indikatorlar berildi. Assotsiatsiya xodimlari sanatoriy faoliyatini 76 mezon bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Shu mezonlardan to‘rttasi sanatoriyda uzrli sabablarga ko‘ra tashkil etilmagan edi. Masalan, tibbiy turizmni rivojlantirish bo‘yicha veb-sayt va uch tilda bukletlar mavjudligi talab etiladi. Biz bukletlarni faqat o‘zbek tilida tayyorlagan edik. Tez orada sayt va bukletlar chiqardik, zarur jihozlarni oldik. Assotsiatsiyaning navbatdagi akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tishga muvaffaq bo‘ldik.

Mazkur assotsiatsiyaning faoliyati tibbiy turizmni rivojlantirishda alohida o‘rni bor. Chunki bu tashkilot “besh yulduz” sertifikatini olgan sanatoriylar ishini o‘z veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy mamlakatlar aholisini jalb qilish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boradi.

[gallery-6158]

– Sanatoriy qaysi tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda?

– “Chinobod plaza” sanatoriysi o‘z ishini boshlaganiga atigi bir yil bo‘ldi. Bu tajriba orttirish va dam oluvchilarni jalb qilish uchun oz va qisqa muddat hisoblanadi. Shu sababli, bizning ishonchli va har tomonlama qo‘llab-quvvatlovchi tashkilot, bu – O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va uning tizimidagi kengash hamda uyushmalardir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi tibbiy turizm assotsiatsiyasi kabi tashkilotlar ham hamkorlarimiz sanaladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan delegatsiyalar kelib, sanatoriy faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Aytish joizki, sanatoriy faoliyati uchun bir yillik vaqt uning jamoasini har jihatdan izlanish va boshqa dam olish maskanlari ishini o‘rganish talabini qo‘ymoqda. Bu ishda bizga yaqindan ko‘mak berayotgan hamkorlarimizga va tajribali mutaxassislarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.

“Chinobod plaza” sanatoriysi respublikamiz va xorijliklarning eng sevimli dam olish maskaniga aylanishiga ishonamiz.

O‘zA muxbiri 

Nasiba ZIYODULLAEVA

suhbatlashdi.