French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dilnoza Jamolova: “Millatimiz va Vatanimiz ravnaqi uchun birgalikda harakat qilishimiz shart!”
10:30 / 2025-08-29

Mustaqillik haqida gap ketganida, yaqin tarixiy davr mobaynida Vatanimiz, xalqimiz boshiga tushgan qora kunlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanaveradi. Sababi istibdodning qonli izlari barchamizni hushyorlikka chorlaydi. Bizni istiqlolning, osoyishta, tinch, ozod, obod va farovon kunlarning, hayotning qadriga yanada ko‘proq yetishga undaydi.

31 avgust kuni mamlakatimizda “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” etib belgilangan. Bu bejiz emas, albatta. Zero, hurriyatimiz, ezgu va pokiza orzu-niyatlarimiz Vatan mustaqilligi yo‘lida umri xazon bo‘lgan taraqqiyparvar jadid bobolarimizning maqsad-muddaolari, ularning orzulari, hayotini bag‘ishlagan ulug‘vor g‘oyalar bilan bevosita bog‘liqdir. Keyingi yillarda mamlakatimizda jadid bobolarimiz tarixi, ularning faoliyatini o‘rganish borasida ko‘plab ezgu tashabbuslar ilgari surildi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutining olimlar jamoasi ko‘plab zalvorli ilmiy tadqiqotlar ustida tinimsiz izlanishlar olib borayotgani diqqatga sazovordir. Izlanishlar va natijalar ko‘p, ayni paytda hali o‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzular undan-da bisyor. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, atoqli olima, zahmatkash tadqiqotchi, vatanparvarlikda ko‘pchilikka ibrat hamyurtimiz, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Dilnoza Jamolova bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida jadid bobolarimizning hayot yo‘li, faoliyatini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tadqiqot natijalari jamiyatimiz ma’naviy hayotida qanday ahamiyat kasb etmoqda? Bu izlanishlarning natijalari faqat olimlar, tadqiqotchilar davrasi, kutubxonalar, ilmiy-tadqiqot institutlari devorlari ortida qolib ketmayaptimi?

– Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan bugungi kunda jadidchilik milliy siyosiy harakati tarixi bo‘yicha keng tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ularning ta’lim, matbuotchilik, teatr sohasidagi, kutubxonachilik faoliyati, xayriya jamiyatlari tuzishdagi tashabbuslari, davlatchilikka oid qarashlari alohida tadqiqot mavzulari sifatida chuqur tahlil qilinmoqda. Tarix institutida 2022 – 2025 yillarda o‘zbek tarix fanida ilk bor Jadidchilik milliy harakati tarixi tizimli ravishda o‘rganilmoqda.

Jumladan, o‘tgan qisqa davrda 4 ta asar (monografiya), 1 ta hujjatlar to‘plami, 1 ta risola, 110 ta ilmiy va ilmiy ommabop maqola e’lon qilindi, 45 ta teleko‘rsatuv, 43 ta radioeshittirish, ijtimoiy tarmoqlarda 60 ta chiqish amalga oshirildi. 7 ta umummilliy ilmiy yig‘in o‘tkazildi.

250 dan ortiq jadid hayoti, faoliyati va merosi, o‘rganilishiga oid barcha ma’lumotlarni o‘z ochiga oladigan Jadidlar.uz elektron platformasi yaratildi.Shuningdek Jadidchilik milliy harakati tarixi doirasida 1 ta doktorlik, 1 ta PhD dissertatsiyasi yoqlandi, 1 ta doktorlik, 2 ta PhD dissertatsiyasi ustida ish olib borilmoqda. O‘ylaymanki, elektron platformaning yaratilishi va jadidshunos olimlarimizning ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida muntazam chiqishlari xalqimizga jadidchilik milliy siyosiy harakati tarixini o‘rganishlari, jadid namoyandalarini tanishlarida asqotmoqda.  

–  Ma’lumki, milliy matbuotimizning tarixi bevosita jadid bobolarimizning hayoti, ijodi, ularning faoliyati bilan uzviy bog‘liq. Nainki o‘z davrida erkparvarligi uchun yopilib ketgan nashrlar, balki bugun ham o‘quvchilarga ma’lum bo‘lgan “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Buxoroyi sharif”, “Turon”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalari, “Oyina”, “Maorif va o‘qituvchi” jurnallari kabi nashrlarning muharrirlarining taqdirida mash’um tuzumning qonli izlari bor. Bu borada institutda qanday tadqiqotlar olib borilmoqda?

–  Hozirda institutimiz doktorantlari va mustaqil tadqiqotchilariga hamda viloyatlarda tadqiqot olib borayotgan shogirdlarmizga “Buxoroyi sharif”, “Turon”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalari, “Oyina”, “Maorif va o‘qitg‘uchi” jurnallarini alohida tadqiqot mavzusi sifatida berganmiz. Ular gazeta va jurnallarning tashabbuskorlari, muharrirlari, maqolalar mualliflari haqida ham batafsil ma’lumotlar tayyorlamoqdalar.  

Shu o‘rinda ta’kidlashim kerakki, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” gazetalarining asoschilari Munavvarqori Abdurashidxonov hamda Abdulla Avloniy, “Buxoroyi sharif” va  “Turon” gazetalarini tashkil qilishda bosh-qosh bo‘lgan, nashr ishlariga homiylik qilgan Abduqodir Muhiddinov, “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalining tashabbuskori va muharriri Mahmudxo‘ja Behbudiy, “Sadoyi Turkiston” gazetasining asoschisi Ubaydulla Xo‘jayev, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining tashabbuskori va muharriri Obidjon Mahmudovlar sovet hokimiyati tomonidan amalga oshirilgan qatag‘onlarning qurboni bo‘lganlar. Ularning “eng katta gunohi” – Turkiston xalqini birlashtirish,  Vatan ozodligi va hurriyat uchun kurashga chorlovchi maqolalarni chop etib borganlari bo‘lib hisoblanadi.  

–  Dilnoza Mo‘ydinovna, bugun ham sho‘rolar davrida ta’lim, tibbiyot bepulligini ro‘kach qilib, istibdod davrini oqlaydiganlar afsuski,  ba’zan topilib qoladi. Vaholanki, bunday “in’om-imkoniyatlar”ning tovonini xalqimiz ajdodlar qoni, chetga tashib ketilgan behisob qimmatli resurslar, moddiy boyliklar, paxta yakkahokimligi, milliy o‘zlikdan yiroqlashish, ayniqsa talaba, o‘quvchilarning qishning qora kunlariga qadar ta’lim olmay paxta dalalarida qolib ketgan umri bilan to‘ladi. Shunday ekan, sho‘ro davrining qaysi g‘oyalari jadidlarning ezgu g‘oyalari, maqsad-muddaolaridan o‘zlashtirib olingan, deb hisoblaysiz?

– Biror bir mustamlakachi, bosqinchi hukumat egallab olgan hududiga nisbatan ezgu g‘oyalar, maqsadlarni qo‘llamaydi. Albatta, bolsheviklar ham bundan mustasno emas. Ularning bosh maqsadi mustamlaka hududdan yer usti va osti boyliklarini tashib ketish, aholisidan arzon yoki tekin ishchi kuchi sifatida foydalanish, doimiy ravishda qo‘rquv va qullikda saqlashdan iborat bo‘lgan.  

Sovet hokimiyatining tekin ta’limi ishchilar sinfini tayyorlashga, bepul tibbiyoti qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasida deyarli maoshsiz ishlayotgan xodimlarning sog‘ligini tiklashga xizmat qilgan, desam xato bo‘lmaydi. Ular zo‘ravonlik bilan o‘zbek xalqining haqqini tortib olgan, boyliklarini tashib ketgan, jamiyatning eng ziyoli qatlamlarini qirg‘in qilgan. Majburiy mehnat tartibini joriy qilib, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholini dala ishlariga, tozalash ishlariga jalb qilgan.

Shunday ekan, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz, arabqul, mo‘g‘ulqul, o‘rusqul bo‘lmay, millatimiz va Vatanimiz ravnaqi uchun birgalikda harakat qilishimiz shart.

—  Samimiy  suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.