Har bir yilning o‘ziga xos tarzda nomlanishi va ezgu bir g‘oya asosida ulkan ishlarning amalga oshirib kelinayotganligi – mamlakatimizning o‘ziga xos an’anaviy tarraqqiyot strategiyasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan yangi yil tabrigida yakunlangan 2021 yil vatandoshlarimiz hayotida yorqin iz qoldirganligi alohida e’tirof etildi. Ezgu va ulug‘vor maqsadlarni ko‘zlab, olib borilayotgan oqilona siyosat natijasida barcha sohalar kabi xalq ta’limi tizimida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Aytish joizki, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda, – dedi Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva. – 2021 yil boshidan umumta’lim maktablari binolarining texnik holatini yaxshilash va moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida viloyatdagi 47 ta umumta’lim maktabida davlat dasturlari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Shundan, investitsiya dasturi doirasida, shuningdek, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” davlat dasturlariga muvofiq 18 tadan, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 21-22 yanvar kunlari viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi hamda kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib, xalq ta’limi tizimida viloyatdagi 11 ta umumta’lim maktabida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Bu maqsadlar uchun jami 191,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Bundan tashqari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’lim dargohlaridagi 10 ming 349 ta ta’mirga muhtoj o‘quv partalarini yangilash va qayta ta’mirlash maqsadida 3,2 milliard so‘m, 74 ta ta’lim muassasalarini joriy ta’mirlash maqsadida 9,2 milliard so‘m, maktablarda yangi hojatxonalar qurish uchun 3 milliard 463 million so‘m mablag‘ ajratildi. O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratib berildi. Umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini boyitish, o‘quvchi va o‘qituvchilarning zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida «Asia Trans Gaz» MCHJ qo‘shma korxonasi homiyligida viloyatdagi 30 ta maktabga 60 ta kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Viloyatdagi mavjud umumta’lim maktablarining barchasi yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanib, tarmoqdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida ta’lim muassasalari uchun maxsus ishlab chiqilgan “Education” tarifiga ulandi. Internet tarmog‘ining uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha byudjet mablag‘lari hisobidan 1,9 milliard so‘m moliyalashtirildi. Pedagoglar salohiyati va sifat tarkibini oshirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida oliy toifali o‘qituvchilar ulushi 10,3 foizga, birinchi toifali 24,9 foizga, ikkinchi toifali 36,7 foizga yetkazildi. 98 nafar o‘qituvchining ish tajribasi viloyatda, 67 nafar pedagog xodimlarning ish tajribasi Respublika miqyosida ommalashtirildi.
Fan o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish borasida rus tili fanining o‘qitilish samaradorligini oshirishda “Klass” loyihasi doirasida 7 nafar rossiyalik, ingliz tili bo‘yicha “English Speaking Nation” loyihasi asosida amerikalik ekspertlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Ingliz tili fani o‘qituvchilarining salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan yangi loyiha ish boshladi. Loyiha jarayonida viloyat o‘qituvchilarining til bilish darajalari o‘rganildi. Natijalar asosida ular bilan til bilish ko‘nikmalarini rivojlantirish va malaka oshirish ishlari olib borildi. Buning samarasi o‘laroq, til bilish darajasini belgilovchi sertifikatlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar qamrovi 11 foizdan 30 foizga oshirildi.
Eng asosiy yutuqlarimizdan biri – bitiruvchilarimizning oliy ta’limga qamrovi ko‘rsatkichining oshganligi bo‘ldi. 2021 yilda viloyatimiz umumta’lim maktablarini 24 ming 652 nafar o‘g‘il-qiz bitirgan bo‘lsa, ularning 8 ming 78 nafari, ya’ni qariyb 33 foizi o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha viloyat hamda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich bilan respublika bo‘yicha viloyatimiz yaqqol ustunlik qildi.
Prezidentimiz yangi yil tabriklarida ta’kidlaganlaridek,“Yurtimizda keng ko‘lamli islohotlarimiz barqaror tus oldi”. Bu islohotlarni yanada rivojlantirish maqsadida “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosidagi Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi.
Boshlangan yangi – 2022 yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nomlanishi ham bu ezgu maqsad yo‘lidagi ulug‘vor harakatning yuksak e’tirofi bo‘ldi. Mamlakatimiz rahbari o‘z tabrigida joriy yilda barcha sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlar ekan, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etilishini alohida qayd etib o‘tdi. Bu biz xalq ta’limi tizimi xodimlariga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Albatta, erishilgan yutuqlar – ortda qolgan dovondir. Yangi yilda yanada yuksak maqsadlarni ko‘zlaganmiz. Bu maqsadlarni amalga oshirishda bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Zarif Komilov, O‘zA