Turizmni shunchaki biznes yoki xizmat ko‘rsatish sohasi sifatida emas, balki vatanni dunyoga tanitishning eng samarali yo‘li deb bilgan insonlar bor. Ana shunday fidoyi mutaxassislardan biri — Dildoraxon Xudoynazarova.
Dildoraxon menejment sohasida tahsil olgandan so‘ng o‘z mehnat faoliyatini Andijondagi avtomobil zavodida xalqaro aloqalar bo‘limida boshlagan. Korxonaga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlar bilan ishlash, ularga O‘zbekiston haqida so‘zlab berish, milliy qadriyatlar va madaniyatni tanishtirish jarayonida unda turizm sohasiga bo‘lgan qiziqish paydo bo‘ladi. Bu qiziqish qisqa vaqt ichida aniq maqsadga aylanib, u o‘z faoliyat yo‘nalishini tubdan o‘zgartirishga qaror qiladi.
Faoliyatining dastlabki bosqichlarida Dildoraxon asosan o‘zbekistonlik fuqarolarning xorijiy davlatlarga sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib bordi. Vaqt o‘tishi bilan esa u turizmning yana bir muhim jihati — xorijlik sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish, ayniqsa Farg‘ona vodiysining boy tarixiy, madaniy va tabiiy salohiyatini dunyoga ko‘rsatish g‘oyasiga e’tibor qaratdi.
Bugungi kunda u aynan Farg‘ona vodiysiga turistlar oqimini oshirish maqsadida tizimli ishlar olib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar va hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yib, mintaqa turizm salohiyatini global maydonda targ‘ib qilishga hissa qo‘shmoqda. Bu harakatlar o‘z samarasini ham bermoqda: 2025 yil davomida u 37 xil millat vakillaridan iborat xorijlik turistlar guruhini qabul qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Dildoraxon Xudoynazarova uchun turizm — bu faqat kasb emas. Bu Vatanga bo‘lgan muhabbatni amaliy ishlar orqali namoyon etish, O‘zbekistonni, uning go‘zal Farg‘ona vodiysini dunyo xaritasida yanada yorqinroq ko‘rsatish demakdir. Shu bois u o‘z faoliyatini “vatanparvarlikning bir ko‘rinishi” deb biladi va bu yo‘lda izchil harakatni davom ettirmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jcQpsfrkbZ8" title="Dildoraxon Xudoynazarova: turizm men uchun — bu vatanparvarlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tohir Tursunov, O‘zA