Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dildan tilga koʻchgan Vatan tuygʻusi...
08:06 / 2020-09-01

Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!

Sen – qudrat manbai, saodat maskani, 
jonajon Oʻzbekistonim!

Inson uchun eng buyuk neʼmat bu Vatan tuygʻusidir. Biz umrimiz davomida nimagaki erishsak, uni vatandan ayro tasavvur eta olmaymiz. Munis onamiz kabi bagʻriga bosib, bizga rizq tutayotgan shu muqaddas maskanning istiqboli uchun mehnat qilish eng goʻzal amaldir.

Oʻzbekiston ulkan imkoniyatlar mamlakatidan, sharofatlar, shafoatlar maskaniga aylanib bormoqda. Bu xalqimizning eng shirin niyatlarining ijobati, mehnatsevarligi, iymon butligining xosiyatidir.

Kecha davlatimiz rahbarining mamlakatimiz mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtgan tantanali bayram tadbiridagi nutqlarini bevosita qashqadaryoliklar safida turib tinglar ekanman, yuragimda gullagan Vatan ishqi qayta chiroy ochdi.

Fidoiylikning chin namunasini, jonkuyarlikning asl timsolini koʻrdim. Yurtboshimiz tabrik nutqida hech bir sohani chetda qoldirmaganliklari, iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat, oila, yoshlar masalasi birdek qamrab olingani, tahlillar asosida yutuqlar eʼtirof etilgani yurakni katta qildi. Ha, haqiqatdan ham biz qudratli xalqning farzandlarimiz. Bu ayni mana shu sinovli kunlarda yana bir bor koʻrinmoqda. Har bir ishni kengashib, sabr, matonat hamda fozillik bilan tadbir qilgan elimiz bugungi kunlarni yana-da jipslashib, bir tan, bir jon boʻlib yengib oʻtmoqda.

Prezidentimiz bir jumlani bot-bot taʼkidladilar, yaʼni “adolat” va “haqiqat”. Qachon bu ikkalasi yonma-yon turadi? Qachonki, odamlarimiz hayotdan rozi boʻlsa, oʻtayotgan kunlaridan mamnun boʻlsa.

Yangi Oʻzbekistonga, yangicha fikrlaydigan yuragida ishonch va yurtga muhabbat hissi muqim yashaydigan oʻtyuraklar kerak. Koʻzlardagi gʻurur bizni albatta koʻzlangan marralarga olib boradi. Bunga yana bir iymon keltirdim. Yoʻlboshchining qatʼiyat bilan aytganlarini tinglay turib... Bildimki, xuddi shu on har bir qalbda bir naqsh muhrlandi - men ham bitta Oʻzbekistonman!

Bilasizmi, bugun men mustaqillikni koʻrdim. U ayni fikrlari toʻlgan, qarashlari oʻktam, maqsadlari aniq boʻlgan 30 yosh ostonasida. Uni bagʻriga bosib, peshonasida oʻpayotgan onaxon bir shukrona tuyadi. Yetkazganiga shukur. Omon-omon kunlaringga koʻz tegmasin, xalqim. Uygʻoq yurak, katta jasorat va adl ahd bilan yoʻlga otlangan elimning yoʻllari oydin, maqsadlari ezgu...

Yangi uygʻoqlik davri muborak! Niyati ulugʻlar, niyatiga yeturlar. Izhorlarimga sheʼr qoʻyilar, asta...

Qalbim yuksak erkning maydoni boʻlsa...

Vatan! Aylanayin qaroqlaringdan,

Azizlarga bolish tuproqlaringdan ,

Gullari yarashgan peshtoqlaringdan ,

Bayramlaring boqiy boʻlsin, jon elim ,

Ayyoming muborak, ona oʻzbegim!

Oʻgʻlim orzulari osmonlardan keng,

Oyqizim niyati oydin oyga teng,

Qalbim yuksak erkning maydoni boʻlsa,

Unga bayrogʻingni viqor-la ilgin.

Har ramzing koʻksimda in qursin elim,

Ayyoming muborak, ona oʻzbegim!

Bir shukuh, bir nomus sugʻordi dilni ,

Koʻrdim pokiza va buyuk bir tilni ,

Navoiy, Boburu, Mirzo Bedilni

Qalb ochib sen tomon kelishi asli,

Qayta tugʻiltirmish oʻzbekli dilni.

Asliyatni tumor bilgan jon elim ,

Ayyoming muborak, ona oʻzbegim!

Huv , ana bir gʻurur keladi kulib,

Peshonaga hurlik peshbandin ilib ,

Bobolar yoʻlidan mardona borib ,

El boʻlgan ulusim kelsa kerilib ,

U dardli kunlaring yuvilsin elim ,

Bayraming muborak, ona oʻzbegim!

Sinovli kunlarda, sinashta boʻlgan,

Bir terlab, tik qarab qaddini kergan.

Fozil odamlarning fikrini oʻqib,

Sabrning boshiga doʻppi kiydirgan.

Dili ravshan-yoʻli ravshanim elim,

Bayraming muborak, ona oʻzbegim!

Senga aytarimni dasturxon qilsam,

Doʻstlar kelgaydirlar, boʻlib jamuljam.

Qayta tugʻilsamu, uygʻonsam, kulsam

Tonglar doya boʻlsin, quyosh yopinchiq ,

Oʻzbekiston deya chanqovuz chalsam,

Bari yarashgaydur, sultonim elim ,

Bayraming muborak, ona oʻzbegim!


Ziyoda AMINOVA,
jurnalist