Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dilbar shoira, adabiyotimiz jonkuyari, onadek mehribon ustoz
14:39 / 2025-08-25

Atoqli ijodkor Farida Afro‘zni dilbar shoira, milliy ma’naviyatimiz, adabiyotimizning faol targ‘ibotchisi sifatida xalqimiz juda qardlaydi. Ayni paytda shoira xalqimiz qalbidan joy olgan yuzlab badiiy barkamol qo‘shiqlar she’rining muallifidir.

Farida Afro‘z adabiy-ma’rifiy anjumanlar, muloqot va uchrashuvlarga fayz, jonli ruh, samimiyat, do‘stona muhit bag‘ishlay olishi mazkur adabiy tadbirlarni yanada baland ruhda o‘tkazishda alohida ahamiyat kasb etadi.  

Bu jihatlar Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilib, qayta tiklangan Yosh ijodkorlarning respublika Zomin seminarida yana bir marta yaqqol namoyon bo‘ldi.    

Ustoz shoira yoshlardan qimmatli maslahatlarini ayamas, yaxshini yaxshi, bundayroq “ijod namunalari”ga ham yosh qalamkashning ko‘ngli og‘rimaydigan, lekin qat’iyatli yo‘sinda baho beradi. Yoshlarni doim kamtar bo‘lishga, ijodga mas’uliyat bilan yondashishga, mayda, individual mavzulardan yiroq bo‘lishga, Vatan, jamiyat, xalq oldidagi mas’uliyatni teranroq anglashga mudom da’vat etadilar.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, rais o‘rinbosari G‘ayrat Majid kabi ijodkorlar bilan bir safda, yoshlar, hatto biz jurnalistlardan ham xabar olib, hol-ahvol so‘rab, barcha sharoitlarni muhayyo qilishda, ruhiyatimizga rag‘bat berishda Farida opa ham juda faol mehnat qildilar.  

Farida Afro‘zning shijoati, shiddati, adabiyotga, Vatanga sadoqati har jabhada yaqqol ko‘zga tashlanardi. Ayni paytda ijodkorning onajonlarimiz kabi mehribonligi, samimiyati, jonfidoligi, zahmatkashligi, munis va mushfiqligi, kamchiliklarga murosasizligi, talabchanligi, qat’iyatiga seminar ishtirokchilari har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq hayron qoldilar, havas qildilar.    

Ustozning “O‘limi yo‘q hayot” nomli kitobini mutolaa qilib, hayratlarim yanada ortdi. Men atay bu kitobni tanlagan edim. Sababi Farida Afro‘zning mohir shoira ekanini bilgan holda nasr yo‘lidagi mazkur kitobini qiziqish bilan o‘qishga qaror qildim. Hayratim kutganimdan ham ko‘ra ming chandon ortiq edi. Garchi asar avtobiografik yo‘sinda bo‘lsa-da, bu kitobda aziz avliyolarning hayoti, faoliyati haqida g‘oyat betakror usulda bayon etilgani diqqatga sazovor. Zero, bunday asarni yozish uchun nainki ijodkor, balki  manbashunos, islomshunos ham bo‘lmog‘i kerakligi, Farida opada bunday fazilatlarning bari mujassam ekani aqlimni shoshirdi.    

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Farida Afro‘z “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.  

–Bunday e’tibordan g‘oyat mamnun bo‘ldim, – dedi Farida Afro‘z. – Bunday rag‘bat ijodkorlarga yanada ko‘proq ilhom  bag‘ishlaydi. Mustaqillik bayrami bizning qalbimizdagi, yuragimizdagi, tomirimizdagi bayram. Bu ajdodlarimiz orzu qilgan ulug‘, aziz va tabarruk bayram. Ijodkor necha yoshda bo‘lmasin, unga e’tibor doim kerak. Davlatimiz rahbarning biz ijodkorlarga e’tibori quyosh taftidek go‘yo. U ijodkorni isitishi bilan birga ayni paytda adabiyot ahlining zimmasida ulkan mas’uliyat borligini anglatadi.  

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri