English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dilafro‘z SULAYMONOVA: Orzular sari intilishda insonning yoshi, oilaviy maqomi to‘siq bo‘lolmaydi
19:04 / 2023-07-31

-

Aksariyat qizlar bolaligida o‘qituvchi bo‘lishni xohlaydi. Yillar o‘tgani sayin bu istak o‘zgarishi mumkin. Binobarin, Dilafro‘z muallim bo‘lishni shunchaki xohlamadi, balki mudom shu orzu bilan yashadi, shu yo‘lda tinimsiz harakat qildi. O‘qidi, izlandi, oliy ma’lumotli ingliz tili o‘qituvchisiga aylandi. Chet tilini yanada puxta, ilmiy asosda o‘rganish uchun xorijda ta’lim olishni maqsad qildi. Va ko‘zlagan maqsadiga erishdi. Farg‘onalik Dilafro‘z Sulaymonova hozir Buyuk Britaniyaning Birmingem universiteti “MSc TESOL” (Teaching English to Speakers of Other Languages) mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichFida tahsil olmoqda.

Dilafro‘z suhbat davomida erishgan yutuqlari bilan birga yo‘lida uchragan qiyinchiliklar, shuningdek, kelgusi rejalari haqida ham so‘zlab berdi.

– Magistratura bosqichida o‘qish uchun nega aynan Buyuk Britaniyani tanlagansiz?

– O‘quvchilik vaqtim rangli kitoblardagi mashhur Big Ben soati, Trafalgar maydoni, Temza daryosi, tarixiy ko‘priklar yoki Qirollikka xos hayot tarzi, dunyoga mashhur muzeylarni ko‘rish orzuim edi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi grantigaega bo‘lish bolalikdagi o‘sha orzularimgayetish, jahon durdonalaridan bahramand bo‘lish imkonini berdi.

Dastavval mazkur fond faqat yoshlar uchun grant taqdim etadi, degan fikrda edim. 2022 yil martda tasdiqlangan xotin-qizlar faolligini oshirish milliy dasturi biz kabi xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, o‘z so‘zini ayta olishi, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda faollik ko‘rsatishini rag‘batlantiruvchi vosita sifatida namoyon bo‘ldi.

Albatta, oilali, farzandlari bor 36 yoshli mendek o‘zbek ayoli uchun o‘z yurtidagi hayotini, jumladan, farzandlari o‘qish joyini o‘zgartirib, ta’limni davom ettirish uchun xorijga ketish oson kechmadi.

To‘g‘risi, atrofimdagilar – yaqinlarim, do‘stlarim ham ikkinchi marta magistrlik darajasini olish juda muhim emasligini, universitetda boshlagan doktorlik dissertatsiyamni yakuniga yetkazish ma’qulligini aytib, qayta-qayta fikrimni o‘zgartirishga urinishdi. Men esa bilimimni boyitish, jahon talabiga javob beradigan ustoz bo‘lib yetishishni qat’iy tanladim. Ota-onam duosi, turmush o‘rtog‘im qo‘llab-quvvatlovi har qanday holatda maqsadim yo‘lida shahdam qadam tashlashga turtki berdi. Oxir-oqibat qarorim to‘g‘riligini hamma yaqinlarim anglab yetishdi. Zero, bu grant ortida  shunchaki birgina stipendiatning xorijda ta’lim olishi emas, balki butun bir yurt umidi, Vatan ishonchi yotgani, bu imkoniyat davlat, milliy jamg‘arma orqali taqdim qilinayotgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Tushunib yetdimki, orzular sari intilishda insonning yoshi, oilaviy maqomi yoki boshqa omillar to‘siq bo‘lolmas ekan. Mohiyat, aslida, kelajak uchun rejani qay tarzda tuzish, pirovardida muvaffaqiyatga erishish uchun qo‘yilgan to‘g‘ri qadamga bog‘liq, menimcha.

– Xorijda ta’lim olishning yaxshi tomoni va noqulay jihati nimada?

 Tajribali o‘qituvchi bo‘lishimga qaramay, Birmingemda kutilmagan qiyinchiliklarga ham duch keldim. Buyuk Britaniyada oilalar uchun yillik shartnoma asosida xonadonni ijaraga olish muammosi o‘qishimga ta’sir ko‘rsatdi. Shunday kezlarda, hech nimaga qaramay, yurtga ketgim kelgan. Yoki imtihon payti topshiriqlarni belgilangan muddatda bajarish uchun oila a’zolarimga yetarli vaqt ajratolmay, yig‘lardim. Buyuk Britaniya universitetlari talabalarni ko‘proq mustaqil bilim egallash, o‘z ustida ishlash, adabiyotlardan unumli foydalangan holda, pedagoglar, olimlar fikriga xolisona, to‘g‘ri, tanqidiy fikr bildirishga undaydi.

Quvonarlisi, bahorgi yarim yillik uchun ta’lim dasturi magistrantlari natijalari ro‘yxatining eng yuqori pog‘onasida “distinction-85” – a’lo baholilar orasida o‘z ism-sharifimni ko‘rgach, biz, o‘zbek ayollari ham jahon yetakchilari qatoridan o‘rin oladigan mavqega ega ekanligimizga yana bir bor ishondim.

Ma’lumki, Buyuk Britaniya universitetlari jahon reytingida old o‘rinlarni egallagan. Bu holat, o‘z-o‘zidan, ta’lim sifati yuqoriligidan dalolat. Yuzlab mashhur olimlarga ilm bergan, boy tajribaga ega, ko‘plab xorijlik talabalarni o‘ziga jalb etadigan oliy ta’lim dargohlari ushbu davlatni butun dunyo talabalari uchun eshiklari ochiq mamlakatga aylantirgan.

Xorijda o‘qish madaniy dunyoqarashni kengaytirish, boshqa mamlakatlar tarixi haqida yangi bilimga ega bo‘lish, ilg‘or tajriba va ko‘nikmani yurtimiz ta’lim amaliyotiga tatbiq etish imkonini beradi. Tabiiyki, xorijda ta’lim olishning o‘ziga xos qiyinchiliklari ham mavjud. Masalan, Vatanda siz ko‘nikkan oila va do‘stlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaslik, madaniyatlar zarbasi, yangi muhitga moslashish muammosi, begona til to‘sig‘i, mahalliy aholi bilan muloqotdagi qiyinchilik va eng muhimi – yurt sog‘inchi.

Fikrimcha, har bir insonning ichki tug‘yonida, albatta, yurt, yaqinlar sog‘inchi jo‘sh uradi. Ichki xotirjamlikda kemtik his qilasiz. Aynan musofirlikda buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburni chuqurroq tushunib, anglab boryapman. Ul zotning qovun hidiga mast bo‘lganini tasavvur qilyapman.

Bunday hislar haqida uzoq gapirish mumkin. Zotan, yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan inson uchun Vatanga qaytish, xorijiy tajribani tatbiq qilish sharaf. Bizni kamolga yetkazgan, ta’lim-tarbiya bergan diyor oldida qarzimiz behisob. Ishonamanki, yaxshi ilm, go‘zal xulqqa ega inson har qanday sharoitda o‘z o‘rnini, xalq ta’biri bilan aytganda, “non”ini bemalol topadi.

– Farzandlaringizga yoki chet elda o‘qish istagidagi yoshlarga qanday tavsiya, maslahat bergan bo‘lar edingiz?

 Xorijda o‘qish, barcha orzular kabi, mehnatsevarlik, imkoniyat va albatta ishtiyoq bilan bog‘liq. Agar ko‘p mehnat qilsangiz va maqsad sari intilsangiz, o‘zingiz istagan davlatda o‘qiy olasiz. Amin bo‘ldimki, hali egallashim lozim bo‘lgan bilim juda ko‘p. Mashhurlar aytganidek, “Kelajak orzulari go‘zalligiga ishonganlarniki”.

Maqsadga erishish uchun harakat rejasini ishlab chiqish va tinimsiz mehnat qilish zarur. Muhimi, yordam so‘rashdan qo‘rqmang. Qiyinchilikka duch kelsangiz, do‘stlar, oila a’zolari yoki soha yetakchilari ko‘magiga tayaning. Hech qachon taslim bo‘lmang! Har qanday vaziyatda o‘z ustingizda ishlashda davom eting. Muvaffaqiyatga faqat mehnat va matonat orqali erishiladi.

O‘qishni tugatib, qaysi yo‘nalishda qanday ishlarni amalga oshirmoqchisiz?

– Buyuk Britaniyadagi o‘qishim yakunlangach, mamlakatimizga qaytib, ingliz tili o‘qituvchisi sifatida orttirgan bilim va malakamni, tajribamni yoshlarga yetkazishni maqsad qilganman. Shuningdek, hozirgi kunda dolzarb hisoblangan zamonaviy, jahon standartiga javob bera oladigan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari tanqisligiga barham berish, sohaning yetakchi ekspertlarini seminar-treninglarga, malaka oshirish kurslariga jalb qilish, bir so‘z bilan aytganda milliy ta’lim tizimiga ijobiy yangiliklar kiritishga hissa qo‘shish niyatidaman.

Hozir dunyoning ko‘pgina yetakchi mamlakatlari ta’lim tizimida kredit-modul tizimi, intensiv ta’lim, inklyuziv ta’lim kabi tushunchalar ustuvor. Bu yangiliklar O‘zbekiston ta’lim dasturlariga ham jadal tatbiq etilmoqda. Shu bilan birga, bu borada hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ham yo‘q emas. Jumladan, ta’lim dargohlari jahon standartiga mos ilmiy adabiyot, zamonaviy o‘quv xonalari va albatta, kuchli bilim, malaka va tajribaga ega mutaxassislar bilan ta’minlanishi kerak.

Yana shunga guvoh bo‘ldimki, mamlakatimiz yoshlari orasida iqtidorli, serqirra, rivojlangan davlatlardagi tengqurlari bilan har sohada bemalol raqobatlasha oladigan o‘g‘il-qizlar bisyor. Faqat shu salohiyatni yuzaga chiqara oladigan ma’naviy, ma’rifiy va moddiy motivatsion faktorlarni to‘g‘ri tizimlashtirish maqsadga muvofiq.

Menimcha, o‘zbek ayoli jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ota-onasi, oila a’zolarining roli beqiyos. Har doim ham o‘zbek erkaklari ayolining xorijdagi sinalmagan orzusi yo‘lida, yangi hayot tomon qadam tashlayvermaydi. Aytmoqchimanki, erishgan yutuqlarim tag zamirida turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlashi, mening ilm olishimga nisbatan ongli munosabati mujassam. Yonimda shunday insonlar borligi uchun ham respublikaning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblangan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida sharafli kasb egasi sifatida faoliyat yuritdim. Dunyo reytingi yetakchi 100 taligidan o‘rin olib kelayotgan Birmingem universiteti talabasi bo‘ldim. Bu ishonchni oqlashim, olgan bilimim bilan xalqimizga xizmat qilishim shart.

O‘zA muxbiri

Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.