Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Diktant tanlovi o‘tkazildi
19:30 / 2025-10-20

21 oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Mardlik” va “Ona-Vatan” mavzularidagi diktant tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi Mirzaobod tumanidagi safarbarlik chaqiruv rezervi harbiy batalionida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi topshirig‘i asosida yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, davlat tili borasidagi bilimlarini mustahkamlash va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilib, Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan “Jasorat sinfi” o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi.

Unda faol qatnashgan o‘quvchilar o‘z bilimlari, fikrni to‘g‘ri bayon etish mahorati hamda imlo va uslub jihatidan chiroyli yozishlari bilan ajralib turishdi.

Natijalarga ko‘ra, Oqoltin tumani 3-sonli umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Mohira Ismoiljonova, Shirin shahri 2-sonli umumta’lim maktabining o‘quvchisi Yasmina O‘g‘lonova hamda Mirzaobod tumani 3-sonli umumta’lim maktabining o‘quvchisi Abdulloh Otaxonovlar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.

G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi. 

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri