Poytaxtimizda Bosh prokuror o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ikki bosqichli diktant tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovlarda Prezidentimizning 2024 yil 15 noyabrdagi “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy o‘quv yilidan mamlakatimizdagi 208 ta tuman (shahar)da bittadan maktabda tashkil etilgan va o‘quvchilarni 5-sinfdan boshlab qabul qiladigan “Jasorat sinfi” o‘quvchilari ishtirok etdi.

Dastlab tuman bosqichida 5 mingdan ziyod o‘quvchidan “Mardlik” mavzusida diktant olindi. So‘ngra birinchi o‘rinni egallagan jami 208 nafar o‘quvchi diktant tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida “Ona vatan” mavzusida bellashdi.

Diktant tanlovida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Sevinch Bazarbayevaga, Andijon viloyatidan Roziyaxon Abdusattorova, Buxorodan Munisa Vohidova, Jizzaxdan Shodiya Anvarova, Navoiydan Farangiz Choriqulova, Namangandan Feruza Burxonjonova, Samarqanddan Rayxona Tojiddinova, Sirdaryodan Mohira Ismoiljonova, Surxondaryodan Azizbek Safarov, Farg‘onadan Muzayana Latifjonova, Xorazimdan Lolaxon Shonazarova 1-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan Asadbek Olimov, Toshkent viloyatidan Madina Ixtiyorova hamda Toshkent shahridan Diyora Zokirjonovalar ham birinchilikni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari berildi.
Yakunda qatnashchilar uchun harbiy qism va muassasalarda ochiq eshiklar kuni va vatanparvarlik tadbirlari tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA