Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Die Presse” gazetasi: Oʻzbekiston sayyohlar uchun kurashmoqda!
19:25 / 2019-02-08

Yurtimizga xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha joriy etilayotgan yangiliklar jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda.


Yurtimizga xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha joriy etilayotgan yangiliklar jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda. 

Oʻzbekiston zamini insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarni ulgʻaytirgan. Xoh qoʻshnilar, xoh uzoq Sharq, Arabiston yarim oroli yoki Yevropa boʻlsin, necha asr ilgari savdo-sotiq ishlari yoʻlga qoʻyilganini, ijtimoiy sohalarda ham keng koʻlamda hamkorlik qilinib, sayyohlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Shahrisabz kabi shaharlarimizga kelganini tarix isbotlaydi. Jun, ip-gazlama, teri, meva, hunarmandlik mahsulotlari, sifatli qogʻoz bilan Yevropa bozori zabt etilgan. Endilikda qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish, toʻqimachilik sanoati, turizm sohasida ham dadil qadamlar tashlanayotganini dunyo eʼtirof etmoqda.

Buyuk Britaniyaning “The Travel Magazine” jurnali joriy yil 7 yanvarda “2019 yil 1 fevraldan britaniyaliklar va boshqa 44 mamlakat vakillari uchun Oʻzbekistonga kirish vizasiz boʻlmoqda”, deb yozdi, Germaniyaning “Die Presse” gazetasi shu yil 15 yanvar sonida “Oʻzbekiston sayyohlar uchun kurashyapti”, Angliyaning yana bir jurnali – “Lonely planet” betakror “Oʻrta asrlarga oid koʻk gumbazli shaharlar, yoyilma bozorlar, Buyuk ipak yoʻli jozibasi, qadimiy Samarqanddagi arxitektura namunalarining oʻziga xosligi” haqida alohida toʻxtaladi. Tarix, sanʼat, adabiyot, musiqa, arxitektura, betakror landshaftlar, hududning yovvoyi tabiati turistlarni oʻziga chorlayotganini qayd etadi.

Germaniyalik xalqaro ekspertlar Urs Unkauf va Mattias Dornfeld “ostexperte.de” nashrida 28 yanvar kuni eʼlon qilingan “Oʻzbekiston: Markaziy Osiyoning mintaqaviy rivojlanishi sharoitida siyosiy islohotlar” nomli maqolasida “Markaziy Osiyodagi eng aholisi koʻp mamlakat – Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan siyosiy tizimni liberallashtirish, bozor iqtisodiyotini barqarorlashtirish, mintaqada va xalqaro maydonda integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda”, deb yozadi va bu borada mamlakatimizning tashabbusi xalqaro aloqalarda muhim oʻrin tutayotganini qayd etadi.

33 foiz koʻpaygan

Albatta, tashqi siyosatdagi ochiqlik, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, xalqaro maydonda oʻz mavqeini mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan islohotlar natijasida birgina Germaniyadan mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar soni 2018 yilda oldingi yilga nisbatan 33 foiz koʻpaygan.

Ishonchli va istiqbolli, har tomonlama manfaatli hamkor sanaladigan Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga dadil kirishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo uchun ahamiyatli ekanini barcha sohadagi tub oʻzgarishlar, xususan, turistlar va investorlar oqimi oshib borayotgani, yurtimizda ular uchun koʻplab imkoniyatlar yaratilayotgani, soliq tizimidagi va raqobatni rivojlantirishga qaratilgan ulkan yangilanishlarda ham koʻrish mumkin.

2018 yilda turizm sohasida joriy etilgan yangi tartiblardan soʻng Oʻzbekistonga kelayotgan sayyohlar soni 2,6 milliondan 5,3 millionga oshgan, bu 100 foiz oʻsish demakdir. 

Jahon turizmi yoʻli

BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YUNVTO) maʼlumotlariga koʻra, turizm sohasida eng yuqori koʻrsatkichga ega mamlakat Fransiyadir. Bu yurtda YUNЕSKOning 37 ta Butunjahon madaniy merosi obyekti mavjud boʻlib, mamlakat YAIMning qariyb 10 foizi mana shu soha hissasiga toʻgʻri keladi.

AQSHga esa yiliga 70 milliondan ortiq turist tashrif buyuradi va sanoatlashgan shtatlarda ham sayyohlik mamlakat byudjetiga katta daromad keltiruvchi soha hisoblanadi. Shuning barobarida 2025 yilga borib, davlat ushbu yoʻnalishdan oladigan mablagʻni 2,5 trillion dollarga yetkazishni rejalashtirgan.

Ispaniyadan ham oʻrganadigan jihatlar koʻp. Mamlakatning 13 shahrida YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi obyektlari mavjud. Shubhasiz, bugun postindurstrial jamiyatlar iqtisodiy barqarorlikka erishayotgan bir paytda bunday imkoniyat, salohiyat va resurslardan oqilona foydalanish mamlakat uchun har jihatdan foydalidir.

Turizm sohasida katta tajribaga ega Fransiya, Xitoy, AQSH, Malayziya, Ispaniya singari mamlakatlar tajribasi yurtimizda sohani rivojlantirishda qoʻl kelishi, shubhasiz.

Shunday katta turistik salohiyat Oʻzbekistonda ham mavjud

Mamlakatimizda turizm kun sayin rivoj topib bormoqda. Qadimiy shaharlarimiz, ziyoratgohlar va eski tepaliklarda hali yana minglab sirlar yashirin. Har qadamda buyuk tarix mujassam.

– Biz Oʻzbekistondagi bugungi oʻzgarishlar, yaqin qoʻshnichilik siyosatidan xursandmiz, – deydi tojikistonlik sayyoh Rustam Keldiyorov. – Turizm tarixni, geografiya, atrof-muhitni sevishni oʻrgatadi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva singari qadimiy shaharlarni aylanish chogʻida turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitdan mamnun boʻldim. Men kabi minglab turistlar bamaylixotir, emin-erkin mingyillik osori-atiqalar, koʻhna yodgorliklarni tomosha qilib yuribdi.

Mutaxassislarning aytishicha, sayyohlik uchun sarflangan mablagʻ oʻn barobardan koʻp foyda beradi. Shu bois, davlatimiz rahbari oʻz nutqlaridan birida turizm Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun lokomotiv soha ekani, mehmonxonalar qurish, zamonaviy infratuzilma barpo etish zarurligini, shunga yarasha sharoit kerakligini taʼkidlab, bu borada barcha toʻsiqlar bartaraf etilayotganiga urgʻu bergan edi.

Samarqand va Buxoro brendi

–XVI-XVII asrlarda elchiyu sayyohlar, savdogarlar kelib, yurtimiz dovrugʻini dunyoga yoygan, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi marketing tadqiqotlari, milliy turizm mahsulotini targʻib qilish boshqarmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Behruz Hamzayev. – Adras, banoras va boshqa turli gazlamalar, kulolchilik buyumlari, yogʻoch oʻymakorligi ishlari olib borib sotilgan. Muhimi, oʻsha davrlarda Samarqand va Buxoroda bugungi til bilan aytganda, oʻziga xos “logistika” markazlari shakllangan. Tarixiy manbalar bu haqda guvohlik beradi. Bu yoʻnalish nafaqat davlat uchun, balki xalq uchun ham har tomonlama manfaatli. Shubhasiz, Oʻzbekiston turizmi dunyoda oʻziga xos. Chunki avvalo, biz Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashganmiz va Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva shaharlari dunyoda oʻz “brend”iga ega. Shuning barobarida xalqimiz mehmondoʻst, nima topsa, boshqaga ilinadi. Yurtimiz tabiati ham oʻziga xos, betakror. Bugun sayyohlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar kengayib bormoqda.

7 ming tarixiy obyekt

Yurtimizda 7 mingdan ziyod tarixiy obida roʻyxatga olingan. Binobarin, sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish imkoniyati keng. Lekin koʻproq daromad keltiradigan turistlarni jalb qilish muhim. Albatta, sayyohlar uchun mehmonxonalar, “mehmon uylari”i, xostellar tizimini shakllantirish zarur.

Maʼlumotlarga koʻra, bugun mamlakatimizga asosan “babyboomer”lar, yaʼni pensiya yoshidan oshgan turistlar kelmoqda. Jahon tajribasi esa ularning olijanob ekanini tasdiqlaydi: guruh-guruh boʻlib dunyo kezadi, ularga jamoaviy xizmat koʻrsatiladi, bu ham ancha daromad tejalishiga yordam beradi. Lekin kelgusida oʻrta yoshlilarni ham keng jalb etish koʻzda tutilgan. Keksa avlod vakillari asosan oʻqigan va eshitganlariga tayanib, Oʻzbekistonga keladi. 30-45 yoshlilar esa internetdan koʻproq maʼlumot oladi. Shuning uchun bu borada ham targʻibot ishlarini kuchaytirib, mamlakatimizga sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha maxsus mexanizm asosida ishlar olib borilmoqda.

Oʻzbekistonga raqobatchi davlatlar koʻp

Albatta, kun sayin oʻzgarishlar yuz berayotgan boʻlsa-da, turizm borasida Oʻzbekistonga raqobatbardosh mamlakatlar talaygina. Malayziya, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari, Yangi Zelandiya singari davlatlar zamonaviy turizm salohiyatiga ega boʻlsa, Bangladesh, Turkiya kabi yurtlarda sayohat nisbatan arzon. Marokash, Misr va Ruanda singari Afrika mamlakatlari ham sayyohlik borasida jadal rivojlanish yoʻlidan bormoqda.

– Jahon hamjamiyati Oʻzbekistonni ishonchli, istiqbolli hamkor sifatida koʻrayotir, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Zafar Xaniyazov. – Shu bois, barcha jabhada sheriklik oʻrnatilmoqda. Sohaga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va xalqaro munosabatlar ortidan turizm jadal rivojlanayotir. Buni mamlakatimizga keluvchilar soni jiddiy oshganida ham koʻrish mumkin. Ammo ularning barchasi ham sayyoh emas, ular orasida tashrif buyuruvchilar, yaʼni mehmonlar koʻp. Shuni inobatga olish shart. Buning uchun servis xizmatlarini barcha hududlarda takomillashtirish zarur. Har bir sayyoh uchun telefon, internet, “Wi-Fi” zonalarini yaratish kerak. Tadbirkorlar uchun keng sharoitlar yaratilmoqda, bu borada qonun loyihalari ham ishlab chiqilmoqda.

Esimda, oʻtgan yili Prezidentimiz Buxoroga tashrifi chogʻida Yetti pir – Abduxoliq Gʻijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmualari butun dunyo musulmon olamining tabarruk maskanlaridan biri ekanini alohida taʼkidlab, ularning zamonaviy taʼmirlanishi, rekonstruksiya qilinishi Oʻzbekistonda yangi sayyohlik yoʻnalishini ochib, ziyorat turizmi taraqqiyotiga xizmat qilishini qayd etgan edi.

Turizm xizmatlarning jahon savdosidagi ulushi 30 foizdan oshadi. Turizm bugun jahon kapitalining 7 foizini tashkil etadi. Turistik mahsulotlar dunyo bozorida neft bilan taqqoslanib, undan kam foyda keltirmaydi. Oʻzbekistonda esa sohani taraqqiy ettirish uchun barcha sharoit va imkoniyat mavjud. Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun dunyoda Oʻzbekiston turizm brendi jadal boʻy choʻzayotgani soha istiqboli porloq ekanidan dalolat beradi.