Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Didimiz, qarashlarimiz zamonaviy bo‘lishimi mumkin, ammo yuragimiz o‘zbekcha urishi shart!
18:38 / 2024-10-21

Vatanimiz kundan kundan chiroy ochib, go‘zallashib, bu yerga kelayotgan mehmonlaru yurtdoshlarimizni hayrat va havasini keltirmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillardagi bunyodkorlik namunalari – osmono‘par binolar, hududlarda qurilayotgan ko‘rkam va shinam turarjoy va noturajoy inshootlar har qanday odamning ko‘zini quvontirishi tabiiy. Bunday o‘zgarishlar har birimizga g‘urur va faxr bag‘ishlaydi. Chindan ham O‘zbekistonni bugun butun dunyo biladi, e’tirof etadi. Respublikamizning turli viloyatlaridan, qolaversa, jahonning turli mamlakatlaridan bugun ming-minglab kishilar sayohat yoki xizmat yuzasidan yoki mehmon sifatida poytaxtimizga tashrif buyurmoqda, xalqimiz,milliy urf-odatlarimiz bilan tanishmoqda. Bu jihatlardan qanchalik quvonmaylik, lekin dilimizni xira qilib turadigan bir holatga beparvo qarab o‘tishning iloji yo‘q.

Bugun “supermarket”, “makro”, “minimarket,” “optom market” degan so‘zlarga ko‘pchiligimizning ko‘zimiz ham, o‘zimiz ham ko‘nikdik va bunday joyni ko‘rganda, bor-ye, deb qo‘l siltaydigan bo‘ldik. Shaharda “Nekst”, “Mejik siti”, “Andalus”, “Outlet”, “Diadora”, “Parus”, “Integro” degan joylar paydo bo‘ldiki, endi ularning nomini o‘zgartirsangiz ham, odamlarning xotirasidan haydab chiqarishingiz juda qiyin. Shahardan Qo‘yliqqa ketaverishda “Alfraganus” degan turarjoy dahasi qurilmoqda. Bu buyuk o‘zbek olimi Al-Farg‘oniyning inglizchasimi?

Ayni kunda shahrimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘plab xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, o‘quv markazlari, xususiy tibbiyot markazlari, do‘konlarga qo‘yilayotgan nomlarni kuzatib, go‘yo o‘zimizni Toshkentda emas, qandaydir xorij shahrida yurgandek his etamiz, g‘ashimiz keladi.

Bugun shaharning qay burchagiga bormang, albatta, xorijiy asosan, inglizcha yoki ruscha peshlavhalarga ko‘zingiz tushadi. Xuddiki bu do‘kon yoki shoxobchalarni chet ellik investorlar maxsus chet elliklarga ochgan, deb o‘ylashingiz mumkin. Yo‘q yanglishasiz, unday emas ekan, uni ochganlar ham, u yerda ishlayotgan xodimlar ham, u yerda ovqatlanayotgan mijozlar ham xullas, hammasi o‘zimizning o‘zbek qorako‘zlarimiz. Unda mazkur oshxona yoki kafega xorijiy qandaydir tushunarsiz bir nomni qo‘yishga ne hojat? Bu nima oliftalikmi, dabdabami yoki shunday nom qo‘yilgani mijozlarning sonini oshiradimi?! Yoki biz milliy g‘ururimiz, milliy immunitetimizni butunlay yo‘qotib qo‘yganmizmi?

Qachon, qanday qilib yo‘qotdik, axir davlatimiz mustaqil bo‘lganiga o‘ttiz uch yil bo‘ldi. O‘zbek tilining davlat tili deb e’lon qilinganiga esa bu yil oz emas, ko‘p emas, o‘ttiz besh yil bo‘ldi. Nega bizlar yildan yilga xorijiy tillardagi atamalardan foydalanishni kamaytirish o‘rniga aksincha, ularni yanada urchitib, ko‘paytirib yuborayapmiz. Bizga buni birov majburlayaptimi?

Ovqatlanish shoxobchalarida “Bistro”, “Evos”(kafe), “Look”(kafe), “FasT food” kabi yozuvlarga deyarli ko‘zlarimiz o‘rganib bo‘ldi. “Osh siti”, “Norin siti”degan nomlar nimani anglatadi? Do‘konlarga “Legenda”,“Arabella”,“Inter”, “Gold 999” deya nom qo‘yishdan nima ma’no bor? Qurilish yoki uy-ro‘zg‘or ashyolari sotiladigan do‘konlarning nomlariga e’tibor bering: “Vsyo dlya doma”, “Shtorы i jalyuzы”, “Mujskoy obuv”, “Elektrotovarы” va hokazo. Shu atamalarning chiroyli muqobili o‘zbek tilida yo‘qmi? Albatta, bor, lekin nimagadir u nomlarni qo‘yishni istamaymiz.

Bilamizki, Sag‘bon ko‘chasi Toshkentning qadimiy ko‘chalaridan bo‘lib, azaldan mahalliy xalq yashab kelgan. Hozir ham bu hududda aksariyat o‘zbeklar yashaydigan mahallalar joylashgan. Lekin Chorsu tarafdan bu ko‘cha bo‘ylab Keles tarafga yurar ekansiz, turli-tuman xorijiy nomlarga ko‘zingiz tushadi. Masalan, Sag‘bon ko‘chasi bilan Nurafshon ko‘chasi kesishgan chorrahaga yetmasingizdan “Rich market” degan do‘konga duch kelasiz. O‘zi kichkina bir do‘koncha bo‘lsa, bunday xorijiy nom qo‘yishga zarurat bormikan?

Shu ko‘chadan yana sal yursangiz “IzolMag” degan yozuvga, undan keyin o‘tib esa “Paradize” degan salonga duch kelasiz. Undan yana nariroq boraversangiz, “Xozmarket” “Xodovoy”, “Carvash”, “Koleso”, “Moy sam” kabi yozuvlarga duch kelasiz. Xullas, ularni birma-bir sanab, birma-bir qog‘ozga tushirishga hafsala ham yetmaydi. Aynan shu ko‘chada “Gold plov”,“Sosiski” degan oshxona yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ham duch kelasiz. Endi o‘ylang, Toshkentdagi o‘zbeklar gavjum yashaydigan bir ko‘chamizdagi ahvol shunaqa achinarli holda bo‘lgach, boshqa ko‘chalar haqida gapirishga hojat ham yo‘q.

Shu o‘rinda yana bir narsani aytmoqchi edim, ming marta gapirilganiga qaramasdan, “Mы otkrыlis”, “dom prodayotsya” degan e’lonlar hali hanuz har qadamda uchrab turibdi. O‘sha joyga telefon qilib so‘rasangiz, albatta, telefonda o‘zbek kishi bo‘ladi. Sotuvchi ham o‘zbek, xaridor ham o‘zbek, lekin berilgan e’lon ruscha.

Yana bir achinarli jihat: xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlarining aksariyati boshqa tilda nomlangan. To‘g‘ri, zamonga moslashishni, davr bilan hamqadam yurishni, tillarni puxta o‘zlashtirishni har birimiz istaymiz. Ammo yuragimiz o‘zbekcha urishi kerak-ku! Bugun yurt yetakchisining qat’iy siyosiy irodasi sabab ona tilimiz – o‘zbek tili dunyo minbarlarida, xalqaro maydonda baralla yangrayapti. Ana o‘sha pallalar yuragimiz boshqacha urishi rost-ku! Shunday ekan, nega biz ma’naviy mulkimizni munosib muhofaza qilmayapmiz?! Uning bor imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmayapmiz?!

Bu masalada siz ham bir mushohada qilib ko‘ringga!

Bahora Ahmedova,  

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi