Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“DIAPOL-CE” loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi
18:34 / 2024-09-17

O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida ikkita loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Birinchi kelishuv joriy yilning fevralidan 2025 yilning iyunigacha amalga oshiriladigan “Iqlimni muhofaza qilish strategiyalari bo‘yicha siyosiy muloqot va bilimlarni boshqarish” (DIAPOL-CE) loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan.  

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, loyiha hamkor mamlakatlarni iqlimga mos, barqaror va ekologik toza iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha uzoq muddatli ssenariy va strategiyalarni ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.  

“DIAPOL-CE” loyihasini amalga oshirish doirasida suvli-botqoq yerlarni saqlash va barqaror boshqarish bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqish, mahalliy, milliy va xalqaro tashrif buyuruvchilarni jalb qilish uchun ekoturizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish hamda suvli-botqoqli yerlar uchun iqlim xavfi bilan bog‘liq holda Sudoche ko‘llari tizimining imkoniyatlarini oshirish kabi tadbirlar ko‘zda tutilgan.  

Ikkinchi kelishuv Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi sohasida transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Yashil Markaziy Osiyo II bosqich” loyihasi doirasidagi hamkorlikni nazarda tutadi. Loyihaning asosiy maqsadi loyihaning birinchi bosqichida ishlab chiqilgan va mintaqaning barcha davlatlari tomonidan kelishilgan Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish va yumshatish bo‘yicha Mintaqaviy dasturni amalga oshirishdan iborat.  

Ushbu loyiha doirasida 2028 yilgacha atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini qisqartirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha harakatlar rejasini yangilash bo‘yicha dialog uchrashuvlari, ekspert ko‘magi tashkil etiladi, shuningdek, qo‘shma Markaziy Osiyo siyosiy deklaratsiyasi, iqlim o‘zgarishiga duchor bo‘lgan hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining zaifligini baholash metodologiyasi va gender nuqtai nazaridan iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha o‘quv moduli kabi hujjatlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.  

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA