Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokimlik men uchun mansab emas, masʼuliyat
13:02 / 2020-07-05

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish maqsadida jahon miqyosida joriy qilingan karantin cheklovlari iqtisodiyotga oʻzining jiddiy taʼsirini koʻrsatmoqda.


Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish maqsadida jahon miqyosida joriy qilingan karantin cheklovlari iqtisodiyotga oʻzining jiddiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Mamlakatimizda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilib, ishlab chiqarishni qayta yoʻlga qoʻyish, aholi bandligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni yana-da oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida ham vaziyatni yaxshilash, aholi farovonligini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor.

OʻzA muxbirining Boyovut tumani hokimi, senator Dilfuza Oʻrolova bilan suhbati ham xuddi shu masalaga bagʻishlandi.

– Dilfuza Jumanovna koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, tuman iqtisodiyotini bir meʼyorda ushlab turish, ishlab chiqarishni tiklash uchun Siz rahbarlik qilayotgan tumanda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Savolni bir muncha qiyin, ammo kutilgan mavzudan boshladingiz. Avvalo, global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va hujjatlar biz uchun dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.

Ushbu hujjatlarda bugungi jarayonda amalga oshirishimiz nihoyatda muhim boʻlgan vazifalar, yuridik va jismoniy shaxslar hamda yakka tadbirkorlarga soliq va kredit masalalari boʻyicha bir qator imtiyozlar belgilab berildi. Bundan barcha hududlar qatori tumanimizdagi tadbirkorlik subyektlari ham keng foydalanmoqda.

Tumanimizda joriy yilning 1-yanvar holatiga faoliyat koʻrsatayotgan 1 ming 461 ta tadbirkorlik subyektlaridan karantin davrida 703 ta korxonaning faoliyati toʻxtadi. Natijada ulardagi 1 ming 492 nafar ishchi xodimlar ishsiz qoldi. Davlatimiz rahbari farmonlari ijrosini taʼminlash doirasida tumanda koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida faoliyati toʻxtagan tadbirkorlik subyektlarining 598 tasi karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda ishlash sharti bilan faoliyatini tikladi. Bu orqali esa vaqtincha ishsiz qolgan 1 ming 189 nafar aholi yana ishlash imkoniyatiga ega boʻldi.

Ayni vaqtda, qolgan 105 ta tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tiklash orqali 303 nafar aholining bandligini taʼminlanishni rejalashtirganmiz.

– Boyovut tumanida kambagʻallik darajasida yashayotgan fuqarolar sharoitini yaxshilash borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

– Kambagʻallikni qisqartirish masalasi koʻtarilgan paytdan boshlab birinchi galda tumanimizdagi iqtisodiy kompleks bilan mahallabay, har bir xonadonning oilaviy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Oʻrganish natijasiga koʻra, bugungi kunda tumandagi 2 ming 17 ta xonadonda yashovchi 8 ming 719 nafar fuqaro ijtimoiy himoyaga muhtojligi aniqlandi.

4 ta sektor rahbarlari tomonidan “Temir daftar” yuritilishi yoʻlga qoʻyilib, bu borada “Onlayn” dastur yaratildi va sektorlar faoliyatini baholash mezoni ham ishlab chiqildi.

Hisob-kitoblarga koʻra, pandemiya sharoitida bir oyda oʻrtacha bir kishiga tibbiy meʼyor boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari uchun 173 ming soʻm va boshqa xarajatlar uchun 150 ming soʻm, jami boʻlib 323 ming soʻm mablagʻ talab etilar ekan. Bu esa kambagʻallik sharoitida yashayotgan 8 ming 719 nafar fuqaroga nisbatan hisoblaganda 1 oyga jami 2 milliard 800 million soʻm, 3 oyga 8 milliard 400 million soʻm mablagʻ zarurligini koʻrsatadi. Mazkur xarajatlarni qoplash uchun 8 ming 719 nafar fuqaro – 595 ta homiy tashkilotlar tomonidan otaliqqa olindi. Homiylarning 102 nafari tadbirkor, 444 nafari fermerlar boʻlsa, yana 49 tasi tashabbuskor tashkilotlardir.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida jami 2 ming 498 ta ehtiyojmand oilalarning 2 mingdan ortigʻiga oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda, 113 nafariga naqd pul koʻrinishida va yana 378 nafariga boshqa turlarda yordam koʻrsatildi.

Xalqimizda “Qoʻldan berganga – qush toʻymas”, degan ajoyib naql bor. Prezidentimiz aholini kambagʻallik darajasidan chiqarish uchun ularni doimiy daromad manbai bilan taʼminlash kerakligini koʻp aytadilar.

Biz ham aynan ana shu tamoyilga muvofiq aholining bu qatlamiga mansub mehnatga layoqatli ming nafardan ortigʻiga gʻalladan boʻshagan maydonlar hisobidan har biriga 1 gektardan yer ajratildi. 200 nafarga yaqin fuqarolarni esa “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida tumandagi 3 ta: aksiyadorlik tijorat “Agrobank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank”lari orqali imtiyozli kredit ajratish bilan iyul oyi davomida toʻliq bandligini taʼminlash choralari koʻrildi.

Yana shuni aytish kerakki, tumanimiz asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashganligi sababli hokimligimiz zaxirasidagi oborotdan chiqarilgan 98 gektar ekin yerlaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida – 4 ta qishloq xoʻjaligi kooperatsiyalari tashkil etildi. Bu bilan 200 ta kambagʻal oilaning ishsiz yoshlari band qilindi. Ularning har biriga, ishni yoʻlga qoʻyib olishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida – eng kam ish haqining 10 barobarigacha boʻlgan miqdorda subsidiya mablagʻlari berildi.

Bundan tashqari, tumanda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga oid davlat dasturlari doirasida 117 ta tashabbuskorga 4 milliard 200 million soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.

Shuningdek, aholi tomorqa xoʻjaliklariga 183 million soʻmlik subsidiya mablagʻlari ajratilishi hisobiga 82 ta oilaning tomorqasiga kichik issiqxonalar qurib berilgan boʻlib, ularning 12 tasiga 7 million 900 ming soʻmlik urugʻlik va koʻchatlar, 8 tasining tomorqasiga 11 million 200 ming soʻmlik suv nasoslari oʻrnatib berildi.

Inqirozga qarshi kurashish mablagʻlari hisobidan tumanimizda amalga oshirilayotgan qurilish ishlariga kambagʻal oilalarning yana 200 nafar vakillari ishga joylashtirildi.

– Yangi loyihalarni ishga tushirish bilan nafaqat kambagʻal oila aʼzolarini, balki, band boʻlmagan fuqarolarni ham doimiy daromad manbai bilan taʼminlash mumkin. Tumanda band boʻlmagan aholini ish bilan taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

– Albatta, bu juda muhim. Aholi bandligini taxminlash nafaqat ularning turmush darajasini yuksalishiga, balki iqtisodiyotimizning ham ravnaqiga asos boʻladi. Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayrami arafasida tumanimizda 2 ta yirik loyiha amalga oshirilib, 2 ta yirik ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirsak yana 1 ming 200 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanadi.

Qaysidir oila yoki fuqaroning kambagʻallik darajasiga borib qolishiga asosiy sabab uning maʼlum bir kasb-kor egasi boʻlmaganligi, ishsizligi sabab boʻlgan. Ularni ana shu sharoitdan chiqarish va ishsiz fuqarolarni kambagʻallik darajasiga tushib qolmasligi uchun viloyat bandlik boshqarmasi va tuman bandlik markazi tomonidan ularni kasb-hunarga qayta tayyorlash qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitib, yangi loyihalar asosida tashkil etilayotgan ish oʻrinlari bilan taʼminlash asosida ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borayapmiz.

Birgina tumanning paxta maydonlari biriktirib berilgan “Boyovut texno klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati (MCHJ) tomonidan oʻzi yetishtirgan paxtani qayta ishlab, ip-kalava ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish loyihasini amalga oshirish orqali 800 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Hozirda korxonada qurilish ishlari boshlangan, xorijdan 90 ta konteynerda 14 million AQSH dollarlik zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar keltirildi.

Shu bilan birga, “Stella moda” MCHJning tikuvchilik fabrikasi tomonidan tumanda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ishga tushirish orqali 400 ta yangi ish oʻrni yaratilib, tumandagi band boʻlmagan xotin-qizlar ish bilan taʼminlanadi. Bu yerda ham qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

– Tumanda aholi hayotini yana-da yaxshilash uchun yana nimalarga eʼtibor qaratish lozim, deb hisoblaysiz?

– Aholining turmush farovonligi oshirish, hayotlariga mazmun kiritish uchun eng avvalo ularni kafolatlangan daromad bilan taʼminlashimiz kerak. Undan keyin esa aholi dam olish maskanlari, xiyobon, kinoteatr va madaniyat markazlari sonini yana-da koʻpaytirishimiz kerak.

Boyovutni hali mamlakat miqyosida namunali tumanga aylantiramiz. Bizning fuqarolar Guliston yoki Toshkentga emas, ular Boyovutga kelib madaniy hordiq chiqaradigan boʻladi. Lekin bu hozircha biroz vaqt talab qiladi.

– Hokimlik, senatorlik, onalik va oila bekasi boʻlish. Sizga qaysi biri koʻproq masʼuliyat yuklaydi?

– Mening nazarimda, u senator boʻladimi, hokim yoki biror masʼuliyatli lavozimda ishlaydimi, oʻzbek ayoli uchun oila birinchi oʻrinda turishi shart. Oilada – oila bekaligidan ham muhimrogʻi bu uning onaligi, deb oʻylayman. Ayol birinchi navbatda onaligini his qilishi, uning masʼuliyatini tushunishi kerak.

Lekin mening vaziyatimda, hozirgi jamiyatda oʻz oʻrnimga ega boʻlishim uchun ham onalik, ham turmush oʻrtoq, ham senator, ham hokim sifatida barchasiga masʼuliyatni birdek zimmamga olishga harakat qilayapman va buning uddasidan chiqayapman, deb oʻylayman.

– Ayol boshingiz bilan rahbarlik qilish, yana viloyatning eng katta tumanini hokim sifatida boshqarish qiyin emasmi?

– Albatta qiyin. Buning uchun insonda avvalo oʻziga boʻlgan ishonchi mustahkam boʻlishi kerak, deb oʻylayman. Eng muhimi, Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar menimcha rahbarlikning yangi tizimini shakllantirdi. Yaʼniki, sobiq ittifoq davridagidek, kresloda oʻtirib olib, bajarib boʻladiganmi, boʻlmaydiganmi, ijrosi bilan ham qiziqmasdan buyruqlar yuklamasini qalashtirib, gerdayib oʻtirish emas, balki, avvalo fuqarolar turmush sharoitini yaxshilash, yurt ravnaqini taʼminlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosida, yanayam aniqroq aytganda, shu xalqning shu yurtning xizmatini qilish, bu ishlarni amalga oshirishda har bir rahbarning oʻzi ham bevosita ishtirok etishi tizimi yaratildi. Kimki ana shu tizimni ishlata olarkan, barcha islohotlarni birdek, bosqichma-bosqich amalga oshira oladi va shu ishni ham meʼyorlar talabi darajasida olib bora olishi mumkin, aks holda, u bu ritmni buzib qoʻyadi.

– Oʻzingiz, oilangiz haqida ham qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz.

– Men oddiy bir qishloq qiziman. Sirdaryoning Mirzaobod tumanida ziyolilar oilasida dunyoga keldim va tarbiyalandim. Otam oʻqituvchi, onam uy bekasi boʻlgan. Hozir meni 4 nafar farzandim bor. Ular ham otam va men kabi pedagog boʻlish istagida. Ulardan 2 nafari oliygohni tamomlab pedagog sifatida faoliyat yuritayotgan boʻlsa, yana 2 nafari Guliston davlat universitetida taʼlim olmoqda. 4 nafar shirindan-shakar nabiralarning buvisiman.

– Farzandlar ota-onalarining taqlidchilari, deyishadi. Oilada ular koʻproq kimga taqlid qiladi?

– Toʻgʻrisini aytganda, oʻzim baho bersam oʻta subyektiv boʻlib qoladi. Undan keyin farzandlarimizning kimga koʻproq taqlid qilishi oʻzimizga unchalik bilinmaydi. Ammo farzandlarim biror bir xohish-istaklarini menga bildirgani bilan soʻnggi qarorni turmush oʻrtogʻim qabul qiladi. Shunga qaraganda, oʻylashimcha, farzandlarim koʻproq otasiga taqlid qilsa kerak.

Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, senatorlik, hokimlik, onalik faoliyatingizda omad yor boʻlsin.

– Shuncha tuman va shahar hokimlari orasidan, “Ayol kishiku” demay, suhbatdosh sifatida meni tanlaganlaringiz uchun rahmat. Shu oʻrinda, men muntazam kuzatib, sevib oʻqib va tan olish kerak, kundan-kunga yangidan-yangi rukn, mavzularda mazmun-mohiyatini yangilab borayotgan OʻzAning ijodiy jamoasiga ham minnatdorlik bildiraman.