French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Devorlar emas, ko‘priklar qurilayotgan makon – yangi Markaziy Osiyo
17:10 / 2025-11-13

Munosabat

Bugun dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida Markaziy Osiyo tarixan yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. E’tiborlisi, bu jarayon faqat geosiyosiy voqelik emas, balki mintaqa xalqlari ongi, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda chuqur sifat o‘zgarishi orqali amalga oshmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi Markaziy Osiyo – bu ishonch, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va birgalikdagi mas’uliyat asosida qurilayotgan makonga aylandi. Albatta, bu jarayon o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan tabiiy holat emas, balki mintaqadagi barcha davlat rahbarlarining uzoqni ko‘zlagan siyosiy irodasi, muvaffaqiyatli diplomatiyasi hamda xalqlar irodasining ifodasidir.

Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi siyosiy muhit mintaqamizning kelajakdagi barqarorligi va farovonligi uchun asosiy sharoitdir. Prezidentimiz aytganidek, hamjihatlik bugun nafaqat ma’naviy qadriyat, balki strategik zaruratga aylandi.

Sababi, mintaqadagi har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil ravishda belgilagan holda, umumiy manfaatlar asosida qo‘shnilar bilan hamkorlikni kengaytirishga intilyapti. Bu jarayonning mohiyati “qo‘shnining muvaffaqiyati mening yutug‘im” degan yangi mintaqaviy tafakkurda ham mujassam.

So‘nggi sakkiz yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar o‘sib, 520 milliard dollarga, tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod ko‘payib, 253 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2 marta oshib, qariyb 11 milliard dollarga, o‘zaro investitsiyalar esa 5,6 barobarga yetdi.

Birgina mamlakatimizni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2016 yildagi 2,4 milliard dollardan 2024 yilda 7,2 milliard dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni esa 1800 dan oshdi. Bu raqamlar ortida yuz minglab yangi ish o‘rinlari, qo‘shma ishlab chiqarishlar va aholining turmush darajasidagi real o‘sish mavjud.

Shu bois, mintaqadagi iqtisodiy jarayonlar bizning umumiy kelajagimizga xizmat qilmoqda. Sanoatdagi 6 foizlik yillik o‘sish, bu ko‘rsatkichning jahon o‘rtachasidan ikki barobar yuqori ekani Markaziy Osiyo salohiyatining ochiq dalilidir.

Hamkorlikdagi yangi mexanizmlar, qo‘shma investitsiya fondlari, chegaraoldi savdo zonalari, xalqaro sanoat kooperatsiya markazlari mintaqaviy rivojlanishning drayveriga aylanmoqda. Bugun nafaqat yirik sanoat loyihalari, balki kichik va o‘rta biznes sub’ektlari ham mintaqaviy iqtisodiy hamjihatlikdan foyda ko‘ra boshladi.

Qolaversa, 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha Harakatlar rejasi mintaqamizning “ichki iqtisodiy integratsiya xaritasi”ga aylandi. Bu reja amalga oshirilsa, Markaziy Osiyo nafaqat resurslar eksportyori, balki yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mintaqaviy sanoat markaziga aylanishi mumkin.

Shuningdek, Prezidentimiz maqolasida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda faqat siyosiy yoki iqtisodiy emas, balki gumanitar sohada ham misli ko‘rilmagan darajada yaqinlashuv kuzatilmoqda. Markaziy Osiyo ayollari muloqoti, Yoshlar platformasi, rektorlar va olimlar forumlari, madaniy va sport tadbirlarining muntazam o‘tkazilishi bu xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va do‘stlikni mustahkamlayotgan muhim jarayonlardir.

Muhimi, muloqotlar natijasida odamlar bir-biriga yaqinlashmoqda, ruhiy chegaralar yo‘qolib, oddiy fuqarolar uni o‘z hayotida his etmoqda. Yangi chegara o‘tkazish punktlari, ko‘payayotgan aviaqatnovlar, temir yo‘l va avtobus yo‘nalishlari bu ishonchning amaliy ifodasi. Bugun mintaqaviy turizmda ichki oqim 80 foizdan oshgani xalqlarimiz bir-birini yaqindan bilishga, tarix va madaniyatni o‘zaro anglashga intilayotganidan dalolatdir.

Prezidentimiz ilgari surgan yana bir muhim fikr bugun Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarda o‘z manfaatlarini aniq belgilay oladigan mustaqil va mas’uliyatli sub’ektga aylandi. Jumladan, “Markaziy Osiyo plyus” formatlari – Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, AQSH va boshqa yetakchi mamlakatlar bilan mintaqaviy muloqot platformalari mintaqa ovozining jahon maydonida tobora baland eshitilayotganini ko‘rsatadi.

Endilikda tashqi sheriklar Markaziy Osiyoga alohida davlatlar yig‘indisi sifatida emas, balki yagona mintaqaviy kuch sifatida qaramoqda. Bu xalqlarimiz manfaatlarini himoya qilishda va xalqaro investitsiyalarni jalb etishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Umuman olganda, bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘z taqdirini mustaqil belgilay oladigan, xalqaro hamjamiyatda o‘z so‘zi, tinchlik va taraqqiyot modelini namoyon etayotgan hududga aylanmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston faol va tashabbuskor davlat sifatida muhim o‘rin tutmoqda. Prezidentimiz ilgari surgan “birdamlik va umumiy kelajak” g‘oyasi mintaqamizning yangi siyosiy falsafasiga aylandi.

Xalq vakili sifatida ishonch bilan ayta olamizki, bugungi “Yangi Markaziy Osiyo” nafaqat davlat rahbarlari siyosati, balki millionlab insonlarning hayotiy tanlovidir. Bu tanlov – tinchlik, taraqqiyot va umumiy farovonlik yo‘lidir.

Muqaddasxon AHMEDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA