Shu kunlarda tennis bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi “Devis kubogi”ning jahon guruhi II pley-off bosqichi doirasidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun Nigeriyada bo‘lib turibdi.
Vakillarimiz mazkur bosqichda Nigeriya terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu ikki terma jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlar 7–8 fevral kunlari Lagos shahrida bo‘lib o‘tadi. Bahsda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan Humoyun Sultonov, Ilya Ignatov, Abdulaziz Usmonjonov, Suhrob Saidov va o‘yinchi-sardor Denis Istomin o‘rin olgan. Nigeriya terma jamoasi esa Daniyel Adeleye, Kanis Abua, Maykl Emmanuel, Chenna Oparaoji va Abubakara Yusuf hamda sardor Benson Achi Ishicheli kabi tennischilar bilan ishtirok etadi.


Mazkur qarama-qarshilik natijasiga ko‘ra, g‘alaba qozongan jamoa “Devis kubogi” Jahon guruhining I bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Mag‘lub jamoa esa Jahon guruhi II dagi o‘z o‘rnini saqlab qoladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA