Ma’lumki, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijadorligiga erishishda davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli tizimini yaratish, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uyg‘un faoliyatini tashkil etish muhim hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti boʻlim boshligʻi Nazarali Norbayev bu borada quyidagi fikrlarni bildirdi.
Davlat boshqaruvi organlarining zamonaviy talablarga javob bermaydigan institutsional asoslari va ular faoliyatining prinsiplari o‘tkazilayotgan islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga hamda qo‘yilgan maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qiladi.
Xususan, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashtirilganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda muhim qadam hisoblanadi hamda mohiyatiga ko‘ra O‘zbekistonning davlat va jamiyat qurilishida yangi sahifani ochib berdi.
Konsepsiyada davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta asosiy yo‘nalishi belgilab berilgan bo‘lib, to‘rtinchi yo‘nalish, aynan vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan.
Shuni qayd etish lozimki, nomarkazlashtirish jarayonlari har qanday mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyalashga qaratilgan islohotlarning ajralmas qismi ekanligini va zamonaviy davlat boshqaruvi institutlarini va mexanizmlarini joriy etish hamda ular faoliyatining samaradorligini oshirish zaruriy shartlardan biri ekanligini kuzatish mumkin.
Bu boradagi xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgan tadqiqotlarda keltirilgan ma’lumotlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, har bir davlatning boshqaruv organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining munosabatlarini shakllantirishda o‘ziga xos jihatlar mavjudligi namoyon bo‘ladi.
Zamonaviy hokimiyat taqsimotining birinchi muhim xarakteristikasi bu ijro yetuvchi hokimiyat va qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘rtasidagi yaqin o‘zaro aloqalarni tashkil yetishdir. Fransiyalik olim J.L.Shabo vakillik va ijroiya hokimiyatining faoliyati ularning bo‘linish prinsipiga asoslangan davlatlarni (AQSH), hamkorlikka asoslangan davlatlarni (Buyuk Britaniya) yoki aralash usulga asoslangan (avtoritar rejimlar) davlatlarga bo‘linishini ajratib ko‘rsatgan.
Umumiy jabhada, xorijiy mamlakatlarda mahalliy vakillik organlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan nazorat olib borish, ijro hokimiyati organi rahbariga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish, mahalliy byudjetning ijro etilishini nazorat qilish, qonunlar ijro etilishini tekshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash, deputatlik so‘rovi yuborish kabi nazorat shakllari orqali huquqiy tartibga solish hamda amalga oshirish mexanizmi o‘rnatilgan.
Misol uchun, Lyuksemburg va Belgiya qirolliklarida mahalliy vakillik organlari mahalliy darajadagi barcha masalalar yuzasidan nazorat olib borish bilan birga, mahalliy siyosatni belgilaydilar. Bunday vakolatlar sirasiga mahalliy boshqaruv ijro apparati rahbarlarini tayinlash, politsiya faoliyatini muvofiqlashtirish, suv ta’minoti, yong‘in xavfsizligi kabi xizmat ko‘rsatish organlarining hisobotlarini tinglash kiradi. Ushbu amaliyotni Yevropa ittifoqining boshqa davlatlarida, xususan Polshada ham uchratish mumkin.
Italiyada provinsiyalar va jamoalar kengashlari provinsiya yoki jamoa ustavini qabul qiladi, uning rivojlanishini rejalashtiradi, jamoat ishlari byudjetini yoki dasturlarini nazorat qiladi, boshqa provinsiyalar yoki jamoalar kengashlari bilan bitimlar tuzadi.
AQSHda vakillik muassasalari ayrim mansabdor shaxslarning tayinlanishiga ruxsat beradi (gubernatorning taklifiga ko‘ra) yoki ularni mustaqil ravishda tayinlaydi, ma’muriyat vakillari va sudlarga impichment bildirish huquqiga ega.
AQSH, Angliya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Italiya, Kipr, Portugaliya kabi davlatlarda vakillik organlari mahalliy byudjetni tasdiqlashi va uning ijrosi yuzasidan hisobotlarni tinglash amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilgan.
Yevropaning ko‘pchilik mamlakatlarida byudjetning ijro etilishi va davlat mablag‘lari sarflanishi ustidan olib boriladigan parlament nazorati samaradorligini oshirish uchun mintaqaviy darajada ixtisoslashgan kollegial organ tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunday organlar Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Ruminiya, Fransiya, Rossiya, GFRda ta’sis etilmoqda.
Bundan tashqari mahalliy vakillik organlari tomonidan o‘ziga xos boshqa nazorat shakllarining ham amalga oshirilishi kuzatiladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasida mahalliy vakillik organlari yoki deputatlar «deputat tekshiruvini o‘tkazish» vakolatiga ega.
Xorijiy mamlakatlarda inson huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda mahalliy vakillik organlari alohida o‘ringa ega. Xususan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari amaliyotida mintaqaviy vakillik organlari tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakillar institutini ta’sis etish yo‘li bilan inson huquqlari ta’minlanishi ustidan nazorat amalga oshiriladi. Bu amaliyot, odatda, federativ davlatlarda qo‘llaniladi. Biroq oxirgi paytlarda nomarkazlashtirish siyosati doirasida unitar tuzilishga ega bo‘lgan ko‘plab davlatlar ham ushbu amaliyotdan keng foydalanmoqda.
Yevropa Ittifoqi tomonidan Vakil institutining mahalliy darajada joriy etilishi quyidagi ijobiy jihatlarga ega: birinchidan, uzoq vaqt va ko‘p mablag‘ talab qiladigan sud jarayonining oldini olish, sud instansiyalari va sud bo‘lmagan instansiyalar sonini kamaytirish imkoniyati, bu nizo kelib chiqqan taqdirda, fuqarolarni boshqaruv organlaridan ajratib turadi; ikkinchidan, adolatni, huquqiy davlat tamoyillarini, ozchilik huquqlarini hurmat qilish va fuqarolar ehtiyojlariga diqqat-e’tiborli bo‘lishni ta’minlaydi; uchinchidan, boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligini, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Kutilayotgan islohotlarning to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, davlat boshqaruvi tizimi yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
ortiqcha va o‘ziga xos bo‘lmagan vazifa, funksiya va vakolatlarni bartaraf etish, takrorlash va parallelizmni tugatish hisobiga davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish hamda nomarkazlashtirish;
davlat boshqaruvini byurokratiyadan xoli qilish va uning sarf-xarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini baholashning Milliy reytingini joriy qilish;
davlat boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi yagona axborot makonini yaratish;
jamoatchilik va parlament nazoratining, eng avvalo, korrupsiya ko‘rinishlarining oldini olishga qaratilgan samarali shakllarini joriy etish.
O‘zA