Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Alisher Jumanazarovning tashabbusi va homiyligida “Bes sag‘a” ovuli aholisi uchun muhim ish amalga oshirildi. Endi ushbu hududdagi 357 ta xonadonning uy oldi tomorqa yerlariga suv yetib boradigan bo‘ldi.
Avvalroq deputat Alisher Jumanazarov “Namunali makon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Unda “Bes sag‘a” ovuli aholisi tomorqalarni sug‘orish imkoniyati yetishmayotganini bildirib, ushbu hududdan o‘tib turgan kanal orqali suv olib kelish masalasini ko‘tarishgan. Ular zamonaviy suv nasosi o‘rnatilishi va uzunligi 2 kilometr bo‘lgan yangi ariq qazilishi lozimligini ta’kidlashgan.

Masala yuzasidan tezkor chora ko‘rgan deputat o‘z mablag‘i hisobidan mazkur ishlarga homiylik qildi. Ekskavator yordamida 2 kilometrlik masofada yangi ariq qazilib, zamonaviy suv nasosi barcha zarur uskunalari bilan birga o‘rnatildi.
Bu yangilik qishloq aholisi uchun katta qulaylik yaratdi. Endi tomorqa yerlarini samarali sug‘orish, ko‘kalamzorlashtirish va turli ekinlar yetishtirish imkoni paydo bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri