Namanganda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi, siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari bilan hamkorlikda “Xalq deputatlari Kengashlari deputatining o‘z saylovchilari hamda deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya bilan aloqalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida deputatlarning saylovchilar bilan ishlashiga doir faoliyatini yanada takomillashtirish, sessiyalar kun tartibi va doimiy komissiyalarda elektoratni qiynayotgan dolzarb masalalarning muhokama qilinishi, ularning hal etilishida deputat va mahalliy Kengashning faolligini oshirish hamda partiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha taklif-tavsiyalar ishlab chiqish borasida fikrlar almashildi.

– So‘nggi yillarda yurtimizda professional deputatlik faoliyatini tashkil etish, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari nufuzini oshirish, siyosiy partiyalarning siyosiy jarayonlarda ishtirokini takomillashtirish, huquqiy bazani takomillashtirish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Muhammadali Ubaydullayev. – Joylarda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bartaraf etish, xalq bilan muloqot tizimini yanada takomillashtirish, bu borada deputatlar faolligini oshirishga qaratilgan mexanizmlar samaradorligi yaxshilanmoqda. Qayd etish kerakki, deputatlarimiz viloyatda so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan toza ichimlik suvi, moddiy yordam, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash tizimi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik kabi aholini qiynayotgan tizimli va mavsumiy muammolarni o‘rganib chiqib, ularni bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.

Suhbat davomida soha mutaxassislari, partiya faollari tomonidan mahalliy Kengash deputatlarining saylovchilar va siyosiy partiyalar bilan aloqalarini yaxshilash masalalari bo‘yicha fikrlar bildirildi. Shuningdek, deputatlar faoliyatini takomillashtirish, mazkur jarayonda mavjud kamchiliklar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri