English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatning obro‘yi va’dada emas, amaliy ishida
13:08 / 2020-12-22

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari o‘z saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazyapti.

Deputat Dilrabo Xolbayeva ham Yangiyo‘l shahar va tumanidagi “Farovon”, “Navbahor”, “Gulbaxor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholining muammolarini tingladi.

Yangiyul shahar Farovon mahallasida yashovchi fuqaro Umida Ernazarova yangi qurilgan uyga ariza bergan va to‘lov qilgan. Ammo to‘lov muddati bayonnomada ko‘rsatilgan muddatdan o‘tib ketganligi sababli unga va’da qilingan xonadon boshqa odamga rasmiylashtirilgan. Ernazarova deputatdan ushbu masalaning ijobiy hal etilishida amaliy yordam so‘radi.  

Deputat ushbu muammo yuzasidan shahar hokimi F.Mirzayev bilan uchrashib, masalani joyida hal etdi. Natijada U.Ernazarovaga uy rasmiylashtirib beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, deputat endigina tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Yangiyo‘l tumani Gulbahor qo‘rg‘onida yashovchi xususiy tadbirkor Muxitdin Isroilov bilan uchrashdi. M.Isroilov deputatdan 6 gektarlik issiqxonada qulupnay yetishtirish uchun subsidiya olishda muammolarga duch kelayotganligini aytib, amaliy yordam so‘radi. D.Xolboyeva mazkur masalani tegishli mutasaddilar bilan hal etishni o‘z zimmasiga oldi.

Deputat ta’lim maskanlaridagi sharoit, muammolar bilan yaqindan tanishish maqsadida tumandagi 1-umumta’lim maktabida bo‘ldi. 900 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda hozirda 1 ming 900 nafar o‘quvchi ta’lim olayotganligi, sinf xonalarining yetishmasligi sabab bir qancha noqulayliklar mavjudligi aniqlandi. Maktab pedagoglar jamoasi ta’lim muassasasi uchun qo‘shimcha bino zarurligi yuzasidan amaliy yordam so‘rashdi. Xalq vakili ushbu muhim masalaning yechimini ta’minlash maqsadida tegishli idoralar bilan bamaslahat hal qilishga va’da berdi.  

Qo‘sh tepa mahallasida ham qator muammolar aniqlandi. Xususan, aholi soni 2 mingdan ziyod bo‘lgan mahallada 480 nafar maktab o‘quvchisi, 300 ziyod maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar bor. Ming afsuski, mahallada na maktab, na bog‘cha bor. Maktab o‘quvchilari 6-7 chaqirim yo‘l bosib, qo‘shni mahalladagi 17-umumta’lim maktabiga qatnaydi.

Qishning qirovli kunlarida yosh bolalarning shuncha yo‘lni bosib, maktabga qantnashini tasavvur qilish qiyin emas. Deputat D.Xolboyeva ushbu muammolar bo‘yicha viloyat hokimi R.Xolmatov bilan bevosita gaplashib, muammo yechimi bo‘yicha tegishli karorga kelindi.

Bundan tashqari, mazkur hududda yashovchi fuqarolar tomonidan sud-huquq tizimi faoliyatiga nisbatan e’tirozlar, mahalla hududidagi ichki yo‘llar va elektr simyog‘ochlari nosozligi, toza ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarida bir qator kamchiliklar mavjudligi bildirildi.

Deputat fuqarolardan yuqoridagi masalalar bo‘yicha arizalarni qabul qilib, ularni boqichma-bosqich hal etishni o‘z zimmasiga oldi.

Yana bir deputat Zuhra Shodiyeva Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlarida bo‘lib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot olib bordi.

Dastlab Oqqo‘rg‘on shahridagi 78-ixtisoslashtirilgan maktab internatida keng jamoatchilik vakillari va o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Maktabda yaratilgan sharoit, o‘quv-tarbiya ishlari, issiqlik tizimining holati o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu maktab binosi va uning yotoqxonasi 1963 yilda qurilgan. Muassasa 350 o‘rinli bo‘lib, tarbiyalanuvchilarga 50 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchi, 50 nafar tarbiyachi ta’lim-tarbiya berib, hunar o‘rgatmoqda.

Maktab direktori Hidoyat Madaminovaning aytishicha, yaqin vaqtgacha maktab binosi, yotoqxonalar, isitish tarmoqlari, bolalar kiyim-kechaklari hozirgi talab darajasida emas edi. Ammo oxirgi 3 oy ichida davlat va homiylar tomonidan ajratilgan pul mablag‘lariga bolalarga kiyimlar olib berildi, mebellar yangilandi, yotoqxona jihozlandi. Sinfxonalarga 4 ta kompyuter olindi. Xodimlarning faoliyat olib borishlari uchun hamma qulay sharoit yaratildi. Kutubxona o‘quv va  badiiy adabiyotlar bilan ta’minlandi.

Shundan so‘ng deputat Z.Shodiyeva tuman tibbiyot birlashmasining markaziy poliklinikasiga bordi. Poliklinika mudiri Muzaffar Rahmatillayevning ta’kidlashicha, yaqinda poliklinika binosi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Lekin ayrim joylari va isitish shahobchasi to‘liq talabga javob bermaydi. Issiq suv bir tekis isitish tarmoqlariga yetib bormayapti.

Keyingi manzil tumandagi Abay mahallasi bo‘ldi. Mahalla aholisi nomidan shu mahallada yashovchi Abdumo‘min Karimov ariza orqali murojaat qilgan edi. Deputat arizada ko‘rsatilgan joylarni ko‘rib chiqdi.

Ma’lum bo‘ldiki, yo‘llarni yaxshilash, gaz, elektr quvvati, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilab berish uchun 2011 yildan beri yuqori tashkilotlarga ariza bilan chiqishgan, elektr quvvati ta’minoti yaxshilangan, lekin ko‘cha chiroqlari o‘rnatilmagan. Ichimlik suvi ta’minoti, shuningdek, gaz ta’minotining ma’lum qismi o‘z mablag‘lari hisobidan yaxshilangan. 2 ming 220 metr yo‘l ta’mirtalab darajada.

Aholi murojaatlari bo‘yicha o‘rganilgan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA