French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi tushuntirildi 
14:11 / 2024-09-19

Mamlakatimizda ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladigan saylov siyosiy partiyalar hamda ularning deputatlikka nomzodlaridan yanada katta mas’uliyat va tashabbuskorlikni talab etadi. Zero, bu yilgi saylovda saylovchilar ham partiyaga, ham nomzodga ovoz beradilar.

Shu bois ham ayni kunlarda partiyalar o‘z nomzodlarini saylovoldi tashviqoti va saylov jarayonlariga puxta tayyorlash, ularning siyosiy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv-seminarlar, uchrashuvlar tashkil etishmoqda. Jumladan, O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilgan navbatdagi o‘quv Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga deputatlikka nomzodlar uchun bo‘ldi. 

Tadbirda dastlab yurtimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Mazkur jarayonlarda har bir fuqaroning o‘rni ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etildi. 

Shundan so‘ng saylov jarayonlariga e’tibor qaratilib, Saylov kodeksining o‘ziga xos jihatlari, yangi tartibda o‘tkaziladigan siyosiy tadbirning mohiyati xususida fikr yuritildi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish, saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi, shakllari, usullari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. 

Bundan tashqari saylov jarayonida kuzatuvchi va vakolatli vakillarning saylov kampaniyasining ochiq, oshkora o‘tishini ta’minlashdagi ishtiroki to‘g‘risida so‘z yuritildi. O‘z navbatida, tadbirda ishtirok etgan nomzodlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob oldi. 

Bu kabi o‘quvlar partiya nomzodlarining saylovoldi tayyorgarlik hamda tashviqot davridagi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. 

M.Komilova, O‘zA