Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DEPUTATLIK SO‘ROVI — XALQ OVOZI VA DAVLAT MAS’ULIYATI O‘RTASIDAGI KO‘PRIK
09:41 / 2026-01-31

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik, hisobdorlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga chiqdi.

Davlat organlari faoliyatini xalqqa yaqinlashtirish, mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirish bugun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayonda mahalliy Kengash deputatlari alohida o‘rin tutadi. Chunki aynan ular aholi bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi.

Mahalliy Kengash deputati faqat qarorlarga ovoz beruvchi shaxs emas. U joylardagi muammolarni bilishi, aholining dard-tashvishini tinglashi va ularni davlat idoralari oldida qat’iy tarzda ko‘tarib chiqishi lozim bo‘lgan jamoat vakilidir. Ana shu vazifani amalga oshirishda deputatlik so‘rovi instituti deputat vakolatlarining eng ta’sirchan va amaliy shakli sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Deputatlik so‘rovi — bu oddiy xat yoki rasmiy murojaat emas. U xalq ovozini qonun tilida davlat organlariga yetkazadigan demokratik mexanizmdir. Har bir deputatlik so‘rovi ortida muayyan mahalla, muayyan oila, ayrim hollarda esa inson taqdiri turadi. Shu bois u xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqotni ta’minlaydigan, mansabdor shaxslarni javobgarlikka chorlaydigan va qonun ustuvorligini amalda ko‘rsatadigan ta’sirchan vosita hisoblanadi.

Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, deputatlik so‘rovlari har doim ham o‘z imkoniyatlariga yarasha ishlamayapti. Ayrim hollarda so‘rovlarga javob berish kechiktiriladi, ba’zida esa mazmunsiz, umumiy iboralar bilan cheklaniladi. Mas’uliyatni boshqa idoralarga yuklash, “kelgusida ko‘rib chiqiladi” degan javoblar bilan muammoni ortga surish holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa jamoatchilik nazoratiga bo‘lgan ishonchni pasaytiradi.

Aslida esa deputatlik so‘rovi davlat organlari uchun qo‘shimcha yuk emas. Aksincha, u ular faoliyatini takomillashtirish, joylardagi muammolarni o‘z vaqtida hal etishga xizmat qiladi. Deputatlik so‘rovi mansabdor shaxslarni faqat hisobot berishga emas, balki aniq natija ko‘rsatishga undaydi. Muammo yechim topgan joyda esa aholining davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.

Bejiz emaski, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti so‘nggi yillardagi chiqishlarida, xususan Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomalarda mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratmoqda. Davlat rahbari deputatlik so‘rovlarini formal hujjat sifatida emas, balki aniq natija berishi shart bo‘lgan amaliy vosita sifatida qabul qilish zarurligini ta’kidlab kelmoqda.

Prezident tomonidan deputatlik so‘rovlariga o‘z vaqtida javob bermagan, mazmunsiz yoki havolaki axborot taqdim etgan mansabdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish lozimligi ochiq aytilmoqda. Bu esa mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatida yangi hisobdorlik va javobgarlik mezonlarini shakllantirmoqda.

Bu siyosiy iroda bejiz emas. Chunki joylardagi ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yillar davomida nazorat yetishmasligi va “mening vakolatim emas” degan yondashuv sababli hal etilmasdan kelgan. Prezidentimizning pozitsiyasi esa aniq: vakolatlar taqsimoti fuqarolar muammosini kechiktirish uchun bahona bo‘lmasligi kerak.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, deputatlik so‘rovi — bu xalq ovozi bilan davlat mas’uliyatini bog‘lab turuvchi muhim ko‘prikdir. U qanchalik samarali ishlasa, davlat organlarining xalq oldidagi hisobdorligi shunchalik ortadi. Agar deputatlik so‘rovi instituti to‘liq ishga tushsa, joylardagi muammolar o‘z vaqtida hal etiladi, aholining davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi va jamiyatda adolatli boshqaruv muhiti qaror topadi.

Bugun O‘zbekistonda deputatlik so‘rovi institutining qonunchilik asosi yetarlicha mustahkam. Amaldagi qonunlarga muvofiq, mahalliy Kengash deputati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga deputatlik so‘rovi yuborish huquqiga ega. Bu huquq shunchaki deklaratsiya emas — u aholining muammolarini davlat darajasida ko‘tarish uchun berilgan qonuniy vakolatdir. Shu bilan birga, mansabdor shaxslar ham bu so‘rovlarga belgilangan muddatlarda, aniq va asoslantirilgan javob berishga majbur.

Qonunlarda deputatlik so‘roviga javob berish tartibi ochiq va ravshan belgilab qo‘yilgan. Qachon javob berish kerak, javobni kim imzolashi lozim, javobda nima deyilishi shart — barchasi aniq yozilgan. Hatto deputatlik so‘rovini ko‘rib chiqmaslik, uni kechiktirish yoki unga bila turib noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish uchun ma’muriy javobgarlik ham nazarda tutilgan. Ya’ni qonun bor, talab bor, javobgarlik ham belgilangan.

Biroq hayot qonun sahifalarida yozilganidek ishlamayotgan holatlar ham bor. Amaliyotda ko‘p hollarda qonun bilan hayot o‘rtasidagi tafovut yaqqol seziladi. Ayrim deputatlik so‘rovlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaydi, ba’zilariga esa umumiy, mazmunsiz javoblar beriladi. “Nazoratga olindi”, “kelgusida hal etiladi”, “vakolat boshqa idoraga tegishli” kabi iboralar bilan cheklanilgan javoblar ko‘pchilikka tanish holga aylangan.

Bunday yondashuv faqat qonun talablarini buzish emas, balki aholining davlatga bo‘lgan ishonchiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki fuqaro deputat orqali muammosini qonun doirasida ko‘targan bo‘lsa-da, natijani ko‘rmasa, u qonunga ham, davlat organlariga ham ishonmay qo‘yadi. Aslida esa deputatlik so‘rovi qog‘oz uchun javob olish emas, muammoni hal etish uchun yuboriladi.

Shu bois qonunchilik asosi bor joyda mas’uliyat ham bo‘lishi shart. Har bir mansabdor shaxs deputatlik so‘rovini shaxsiy vazifasi sifatida qabul qilib, unga javob berishni formal majburiyat emas, balki jamoat oldidagi burch deb bilishi lozim. Faqat shundagina deputatlik so‘rovi haqiqiy ta’sirchan mexanizmga aylanadi, qonun bilan hayot o‘rtasidagi uzilish bartaraf etiladi.

Qonunchilik asosi bor, talablar aniq. Lekin qonun qanday ishlayotganini anglash uchun qog‘ozdagi me’yorlarga emas, amaldagi raqamlarga qarash kifoya. Ochiq tahliliy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi bir yil davomida respublika bo‘yicha o‘n minglab deputatlik so‘rovlari yuborilgan. Bu, bir tomondan, deputatlarning faolligi ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, davlat organlari oldida turgan mas’uliyatni ham yaqqol namoyon etadi.

Afsuski, raqamlar doim ham quvonarli emas. Yuborilgan deputatlik so‘rovlarining salmoqli qismiga umuman javob berilmagan yoki javoblar qonun bilan belgilangan muddatlardan ancha kechiktirib yuborilgan. Ayrim hollarda esa javob berilgandek tuyulsa-da, uning mazmuni muammoni hal etishga qaratilmagan bo‘ladi.

Ko‘pchilikka tanish manzara: deputatlik so‘roviga javob sifatida umumiy iboralar, havolaki qonun normalari yoki “mazkur masala boshqa idora vakolatiga kiradi” degan javoblar keladi. Ya’ni, qog‘ozda javob bor, ammo amalda yechim yo‘q. Bunday yondashuv deputatlik so‘rovining asl mohiyatini yo‘qqa chiqaradi, uni faqat formal yozishma darajasida qoldiradi.

Eng achinarlisi, bunday holatlar oddiy fuqarolar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki aholi deputat orqali qonun doirasida muammosini ko‘targan bo‘lsa-da, natija ko‘rmasa, “baribir foydasi yo‘q” degan fikr shakllanadi. Bu esa davlat organlariga bo‘lgan ishonchni susaytiradi, jamoatchilik nazoratining samaradorligini pasaytiradi.

Shu ma’noda, respublika miqyosidagi raqamlar bir haqiqatni ochiq ko‘rsatmoqda: deputatlik so‘rovi instituti mavjud, qonunlar ishlab turibdi, ammo uning ta’siri ko‘p jihatdan mansabdor shaxslarning munosabatiga bog‘liq. Agar so‘rovlarga javob berish mas’uliyat emas, ortiqcha yuk sifatida qabul qilinsa, hech qanday qonun kutilgan natijani bermaydi.

Deputatlik so‘rovi esa aynan shunday vaziyatlarni o‘zgartirish uchun kerak. U raqamlarda emas, aniq yechimlarda, hal etilgan muammolarda o‘z samarasini ko‘rsatishi lozim. Faqat shundagina qonun bilan hayot o‘rtasidagi uzilish qisqaradi, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.

Respublika miqyosidagi umumiy holatni ko‘rganimizdan so‘ng, endi poytaxt — Toshkent shahri tajribasiga nazar tashlash o‘rinli. Chunki Toshkent shahar Kengashi faoliyati, ayni paytda, deputatlik so‘rovlari qanday ishlayotganini ko‘rsatib beradigan o‘ziga xos oyna vazifasini o‘taydi.

Toshkent shahri misolida deputatlik so‘rovlari orqali ko‘plab amaliy masalalar ko‘tarilgan. Uy-joy kommunal xizmatlari, yo‘l va transport infratuzilmasi, jamoat xavfsizligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari eng ko‘p murojaat qilingan yo‘nalishlar hisoblanadi. Bu esa poytaxt aholisining kundalik hayoti bilan bog‘liq muammolar deputatlar diqqat markazida ekanini ko‘rsatadi.

Quvonarlisi, yuborilgan so‘rovlarning katta qismiga javob berilgan. Lekin chuqurroq tahlil shuni ko‘rsatadiki, javobning borligi har doim ham natija borligini anglatmaydi.

Xususan: — javoblarning salmoqli qismi belgilangan muddatdan kech yuborilgan; — ko‘p hollarda javoblarga bevosita rahbarlar emas, ularning o‘rinbosarlari imzo chekkan; — ayrim so‘rovlar esa umuman javobsiz qolgan.

Bu holatlar deputatlik nazorati hali to‘liq ishlab ketmaganini, ayrim idoralarda deputatlik so‘roviga hanuz ikkinchi darajali masala sifatida qaralayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, deputatlik so‘rovi to‘g‘ri qo‘llanilgan, mas’uliyat bilan ko‘rib chiqilgan hollarda u juda samarali ekanini tasdiqlaydigan ijobiy misollar ham kam emas. Ayrim mahallalarda deputatlik so‘rovlari orqali jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatildi, yo‘l harakati xavfli bo‘lgan hududlarda piyodalar o‘tish joylari qayta tashkil etildi. Bolalar bog‘chalari va maktablar qurilishi bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqildi, zarur hollarda manzilli dasturlarga takliflar kiritildi.

Bu ishlar qog‘ozda emas, hayotda sezildi. Mahalla ko‘chalari yoritildi, xavfli yo‘llar xavfsizlashtirildi, bolalar uchun yangi ta’lim muassasalari rejalashtirildi. Eng muhimi, odamlarda “deputatga murojaat qilsa, muammo yechim topishi mumkin” degan ishonch paydo bo‘lmoqda. Bu ishonch esa jamoatchilik nazoratining eng katta yutug‘i hisoblanadi.

Biroq ijobiy misollar bilan bir qatorda, eng og‘riqli masalalardan biri ham mavjud — bu mazmunsiz, mas’uliyatdan qochuvchi javoblar, xalq tilida aytganda, “qolipli javob-otpiska”lardir. Ayrim mansabdor shaxslar deputatlik so‘rovini chuqur o‘rganish o‘rniga, uni boshqa idora vakolatiga o‘tkazib yuborish yoki kelajakda nimadir qilinishi mumkinligi haqida umumiy ma’lumot berish bilan cheklanmoqda.

Aslida esa deputatlik so‘rovi kelajakda nima bo‘lishi mumkinligini emas, aynan nima qilinadi, qachon qilinadi va kim javobgar bo‘ladi, degan savollarga javob berishni talab qiladi. Shu jihatdan, “qolipli javob-otpiska”lar faqat bitta so‘rovni emas, balki jamoatchilik nazoratiga bo‘lgan ishonchni yemiruvchi tizimli illat sifatida baholanishi kerak.

Jamiyat manfaati nuqtai nazaridan qaralsa, Toshkent shahar Kengashi tajribasi deputatlik so‘rovining ham imkoniyatlari katta ekanini, ham uning oldida hal qilinishi lozim bo‘lgan jiddiy muammolar borligini ko‘rsatmoqda. Qachonki deputatlik so‘roviga mas’uliyat bilan yondashilsa — natija bo‘ladi. Aks holda esa, u faqat qog‘ozda qolib ketishi mumkin.

Deputatlik so‘rovlari samaradorligi faqat qonunlar yoki rasmiy javoblar bilan o‘lchanmaydi. Uning ta’siri jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki bilan yanada kuchayadi. Gazeta, internet nashrlari, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan masalalar mansabdor shaxslarni befarq qoldirmaydi, ularni javobgarlikka undaydi va muammolarni ochiq muhokama qilishga majbur etadi.

Agar deputatlik so‘rovi faqat idoralar o‘rtasidagi yozishma sifatida qolib ketsa, uning ta’siri cheklangan bo‘ladi. Ammo u ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka yetkazilsa, masala shaxsiy emas, ijtimoiy ahamiyatga ega muammoga aylanadi. Bu esa davlat organlari uchun qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Chunki jamoatchilik oldida berilgan va’da yoki javob keyinchalik bajarilishi shart bo‘lgan majburiyatga aylanadi.

Shu bois deputatlik so‘rovlari haqida jamoatchilikka ochiq, tahliliy maqolalar chop etilishi — faqat tanqid qilish emas. Bu, eng avvalo, tizimdagi kamchiliklarni ko‘rsatish, yaxshi tajribalarni ommalashtirish va davlat organlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan fuqarolik pozitsiyasidir. OAV bu jarayonda vositachi emas, balki jamoatchilik nazoratining to‘laqonli ishtirokchisi hisoblanadi.

Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, deputatlik so‘rovlari instituti samarali ishlashi uchun qator amaliy choralar zarur. Mutaxassislar va amaliyotchilar fikriga ko‘ra, avvalo so‘rovlar ijrosini shaffof va ochiq qilish talab etiladi. Buning uchun elektron platformalar orqali deputatlik so‘rovlarining ijrosini real vaqtda kuzatish imkoniyatini kengaytirish muhim.

Alohida qayd etish joizki, deputatlik so‘rovlariga javoblarni shaxsan rahbarlar tomonidan imzolash amaliyotini kuchaytirish lozim. Bu javobning mas’uliyatini oshiradi va masalaga formal emas, jiddiy munosabatni ta’minlaydi. So‘rovlar natijalarini mahalliy Kengash sessiyalarida ochiq muhokama qilish esa mansabdor shaxslarning hisobdorligini yanada mustahkamlaydi.

Ijrosiz qolgan yoki kechiktirilgan holatlar bo‘yicha esa huquqiy mexanizmlarni ishga solish zarur. Qonun talablari faqat qog‘ozda emas, amalda ham ishlashi kerak. Aks holda, deputatlik so‘rovi o‘z ta’sirini yo‘qotishi mumkin.

Deputatlik so‘rovi — bu qog‘ozda yozilgan huquq emas, balki xalq ishonchi bilan deputatga berilgan vakolatdir. Uning qanday ishlashi mansabdor shaxslarning qonunga, deputatga va eng avvalo, aholiga bo‘lgan munosabatiga bevosita bog‘liq.

Agar deputatlik so‘rovlari haqiqiy jamoatchilik nazorati vositasiga aylansa, joylarda yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal etish, davlat va jamiyat o‘rtasida ishonchli muloqotni ta’minlash mumkin bo‘ladi. Bu esa demokratik islohotlarning eng muhim natijalaridan biri sifatida jamiyat hayotida o‘z aksini topadi.

Davron Ravshanbekov,

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengash deputati