Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab O’zLiDeP viloyat Kengashi hamda mahalliy Kengashi deputatlarining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidan kelib chiquvchi dolzarb vazifalari muhokama qilindi. Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash barcha partiya faollari va mas’ullari, xususan, deputatlik guruhi a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi aytib o‘tildi. Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar O’zLiDePning dasturiy maqsad va g‘oyalari bilan hamohang ekanligi, xususan, joriy yilda mahallalarda ayollar va yoshlar bilan ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratilishi, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri – viloyatda fermerlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar va bu borada yechimini kutib qolgan muammolar xususida viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi mas’ul xodimi Nodir Yo‘ldoshevning axboroti tinglandi.
Buxoro viloyatida bugungi kunda 5 mingga yaqin fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbarining sohani rivojlantirishga oid bir qator farmon va qarorlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda ham agrar sohada davr talablariga muvofiq ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Viloyat qishloq xo‘jaligida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligini Prezidentimizning 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon-xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha bajarilgan ishlar misolida ko‘rish mumkin.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda 2022-yilda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun paxta va g‘alladan qisqartirilgan maydonlar hisobiga 8016 gektar yer maydoni kimoshdi savdolariga chiqarilgan. Ushbu savdolarga chiqarilgan shuncha gektar maydonlarda 47 ming 869 nafar fuqaro dehqon xo‘jaliklarini tashkil etdi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 10-sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘tgan 2023-yilda 6108 gektar paxta va g‘alladan qisqartirilgan yer maydonlari dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun ajratib berildi hamda 14491 nafar aholi tomonidan dehqon xo‘jaliklari tashkil etildi. Endilikda bu xo‘jaliklarda ko‘plab sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlar parvarish qilinmoqda. Takroriy ekin sifatidagi sabzavot mahsulotlaridan ham mo‘l hosil yetishtirilib, keyingi paytda ulardan jami 38 ming 322 tonna mahsulotlar yetishtirib olindi.
Deputatlik guruhi yig‘ilishida viloyatda urug‘lik yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaliklarda olib borilayotgan ishlar ham atroflicha tahlil etildi. Bu haqda viloyat urug‘chilikni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Bekzod Bahronovning axboroti eshitildi.
Viloyatda 2024-yil g‘alla hosili uchun jami 60 ming 600 gektar maydonda g‘alla ekish rejalashtirilganligi, bu boradagi amaliy ishlar davlatimiz rahbarining 2022-yil 28-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 7-bandida ixtisoslashtirilgan hududlarda tanlov asosida uzoq muddatga urug‘chilik xo‘jaliklari tanlash belgilangan.
2024-yil g‘alla hosili uchun tender tanlovida g‘olib deb topilgan 186 ta subyektlarning 5218 gektar maydoniga taqsimot bo‘yicha yuqori avlodli urug‘liklar ekib yetishtirish rejalashtirilib, 18180 tonna sara urug‘lik jamg‘arish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
–Garchi hozirgi paytda mamlakatimizda fermerlarning emin-erkin faoliyat olib borishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lsada, faoliyatimizga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar ham yo‘q emas, –deydi Buxoro tumanidagi “Madaniyat-Muxammad-Ismat” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov. –Bank muassasalaridan fermer xo‘jaliklariga ajratilayotgan kreditlar garchi imtiyozli deb hisoblansa-da, ular foizlarining yuqoriligi hamda kredit mablag‘larining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qat’iy belgilab qo‘yilganligi, sug‘urtalash, shuningdek, xo‘jaliklarga dotatsiya ajratish borasidagi mavjud muammolar shular jumlasidandir.
Deputatlik guruhi yig‘ilishida aynan shu masalalar bo‘yicha bir qator takliflar bildirilib, chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri