French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlarga davlat mukofotlari topshirildi
10:58 / 2020-12-29

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan mamlakatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh deputatlarga davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bugun islohotlarning yangi bosqichida parlament, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining jamiyat hayotidagi o‘rni va roli tubdan o‘zgardi. Uning faoliyati yangi mazmun-mohiyat bilan boyidi, deputatlik korpusining faolligi oshdi, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashdagi mas’uliyati kuchaydi.  

Natija esa qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligida namoyon bo‘lmoqda. Bularning barchasi mamlakat Prezidentining davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan strategik tashabbuslari samarasi ekani barchaga ayon. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz siyosiy tizimining bir bo‘lagini tashkil etuvchi hokimiyat vakillik organlari ishiga katta e’tibor qaratib, deputatlarni xalqning haqiqiy vakillari, uning xohish-irodasi va manfaatlarining tom ma’nodagi ifodachisi sifatida e’tirof etgan holda, ular bilan uzluksiz muloqotda bo‘lib kelmoqda.

– Mamlakatimizda keyingi to‘rt yilda kechgan keng miqyosli tub islohotlar, o‘zgarish va yangiliklar asrlarga tatigulik bo‘ldi. Bu jarayonda parlamentimizning faol ishtiroki islohotlarni yanada chuqurlashtirishda, davlatimizning har tomonlama taraqqiy etib, jahon maydonidagi nufuzi yanada oshishiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining aniq va to‘g‘ri tanlagan siyosiy yo‘li, xalqimizning ulkan bunyodkorlik salohiyatiga tayanib, barcha murakkab sinovlarni mardona yengib o‘tib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayotni ta’minlashdek ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. “Yangi O‘zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda, — dedi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov.

bugungi deputat o‘z faoliyatining aksariyat qismini odamlar orasida saylovchilar bilan bevosita muloqotda bo‘lish, ularning dardu tashvishi bilan qiziqish, og‘irini yengil qilishga qaratgan xalq vakilidir. Aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish deputatlar saylov okruglaridagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Shu bois, deputatlar ishi samaradorligini ta’minlash, o‘z saylovchilari bilan hech qanday moneliksiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishi uchun aynan Prezident tashabbusi bilan «Elektron parlament» tizimi joriy etilmoqda. Mazkur tizim xalq bilan muloqotni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash imkoniyatini kengaytiradi.  

Tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borish, qonun loyihalarini muhokama qilish va ular bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, «Parlament xalq irodasining haqiqiy ko‘zgusi bo‘lishi zarur» degan ulug‘vor g‘oyaning amaldagi ifodasi ta’minlanadi.

– Deputatlar korpusi faoliyatining mamlakatimizda demokratiyani yanada rivojlantirish, haqiqiy xalq hokimiyatchiligi, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirishdagi o‘rni va ahamiyatini yanada yuksaltirish bosh maqsadimiz bo‘lib qolaveradi, – dedi Spiker.

Tadbirda Mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan taqdirlangan bir guruh deputatlarga yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA