Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar yoshlar bilan uchrashdi
15:21 / 2025-09-26

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan Navoiy davlat universiteti faollar zalida partiyaning “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida deputat va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aziza Aminova, O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari, xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Muhammad Eshniyozov, oliy ta’lim muassasasi professor va o‘qituvchilari, talaba yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80-yubiley sammitida so‘zlagan nutqiga alohida e’tibor qaratdi.

Ta’kidlandiki, so‘nggi 8 yil davomida mamlakatimizdagi turli sohalarda jadal islohotlar amalga oshirilishi natijasida qator yutuqlarga erishilmoqda. Bu esa dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etib kelinmoqda. 

Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishildi. Bunga, avvalo, ta’lim va ilm-fan sohasini o‘zgartirish, innovatsion tarmoqlar va sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratish orqali erishilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetdi. Eng asosiysi, o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda.

Uchrashuv davomida talabalar ham so‘zga chiqib, sammit doirasida mamlakatimiz yetakchisining nutqi va bir qancha davlat rahbarlari bilan oliy darajadagi uchrashuvlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Sammit doirasida yurtboshimizning so‘zlagan nutqi va davlat rahbarlari bilan uchrashuvlarini chuqur hayajon bilan kuzatib bordim, – deydi N.Yoqubova. – Unda bildirilgan fikrlar va imzolangan manfaatli shartnomalar biz yoshlarga kelajakka bo‘lgan ishonch bilan birga vatanimiz taraqqiyoti uchun ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Davlatimiz rahbari tomonidan pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklif etildi. Bu kabi tashabbuslarning ilgari surilishi mamlakatimizda yosh avlodning dunyo ilm-fan sahnasiga dadillik bilan kirib borishiga va umume’tirof etilgan yutuqlarga erishishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Tadbir so‘nggida bir guruh talabalar partiya a’zolari safiga qabul qilinib, partiyaning “Yangi avlod kadrlari” zaxirasiga olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri