Prezidentimiz raisligida joriy yilning 30 iyul kuni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlanib o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi juda ko‘p masalalar atroflicha muhokama etildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi uch yilda 250 ming gektar paxta va g‘alla ekilayotgan yerlar oziq-ovqat yetishtirishga berilgani, 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor barpo etilgani, eskirgan 107 ming gektari yangilangani, 1 milliard dollarlik 1,5 mingta oziq-ovqat loyihasi ishga tushgani, bundan tashqari, 100 ming tonna saqlash, 70 ming tonna quritish, 46 ming tonna saralash va qadoqlash quvvatlari yaratilganligi ta’kidlandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilib, O‘zbekiston Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Kengashi a’zoligiga saylanganligi, bu milliy va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish, yangi loyihalarga mablag‘ jalb qilishda mamlakatimiz uchun katta imkoniyat ekanligi qayd etildi.
Umuman, yig‘ilishda bildirilgan fikrlar, berilgan topshiriq va vazifalar nafaqat sohaga daxldor mutasaddilar, balki barcha darajadagi rahbarlar, mas’ullar, xususan mahalliy kengashlar deputatlari uchun ham aniq harakatlar dasturi bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yurtimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi islohotlari natijasida eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmi tobora o‘sib bormoqda. Olti oyda oziq-ovqat eksporti 44 foizga oshgani, “O‘zbekistonda yetishtirilgan” brendining xalqaro bozorda tan olinayotgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Ana shunday bir sharoitda viloyatimizda ham qishloq xo‘jaligi sohasida, eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, tuman va shahar hokimlari, tadbirkorlar, agrar sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning sa’y-harakati bilan mazkur yo‘nalishdagi mavjud zaxira va imkoniyatlardan to‘liq, oqilona foydalanish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda “Agrostar” kompaniyalari, issiqxona xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari singari yangi institutlar orqali fermer va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aytish joizki, ushbu masala partiyaning o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, eksport tarkibini diversifikatsiya qilish, yangi bozorlarga chiqish, qayta ishlash korxonalarini ko‘paytirish, mahsulotni qadoqlash va logistika tizimini takomillashtirish — bugungi kun talabi. Bu borada hududlarda amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlari, ayniqsa, Andijon viloyatida barpo etilayotgan zamonaviy qadoqlash va saqlash infratuzilmalari albatta, mamlakatimiz eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan moliyaviy va soliq imtiyozlari, ayniqsa, tabiiy gaz ta’minotidagi kafolatlar shubhasiz, soha rivojini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim rol o‘ynaydi.
O’zLiDeP Andijon viloyati Kengashi Prezidentimiz tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etishni, hududdagi imkoniyat va resurslardan oqilona foydalanish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini ko‘paytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu boradagi islohotlarni izchil amalga oshirish jarayonidagi faol ishtirokni davom ettiradi.
Partiyadan saylangan har bir deputat yig‘ilishdan o‘zlariga tegishli xulosa chiqaradi. O‘z hududlarida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, fermerlar va ishlab chiqaruvchilarning taklif va muammolarini o‘rganish, ularga institutsional va tashkiliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan vazifalarni samarali amalga oshirishni o‘z zimmasiga oladi.
Biz, deputatlar yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ana shu ishlarda faol ishtirok etamiz.
Xurshidaxon XALILOVA,
Xalq deputatlari Andijon viloyati
Kengashi deputati, O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari.
O‘zA