Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar xalq ta’limi vazirining axborotini eshitdilar
21:32 / 2014-07-14

11-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida xalq ta’limi vazirining maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga doir ishlarning holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

11-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida xalq ta’limi vazirining maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirishga doir ishlarning holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Parlament eshituvi vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi qonun hujjatlarini ijro etish bo‘yicha faoliyatini tahlil qilish va baholash, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirishni monitoring qilish maqsadida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyalarining tashabbusiga ko‘ra o‘tkazildi.

Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi qayd etildi. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq bu sohaga jiddiy e’tibor qaratildi va amalga oshirilgan islohotlar natijasida noyob, o‘xshashi yo‘q uzluksiz ta’lim uslubi shakllantirildi. Ushbu uslub maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, o‘rta maxsus, maktabdan tashqari ta’lim, oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni o‘z ichiga oladi. Bunda maktabgacha ta’limning ahamiyati beqiyosdir, erta bolalikdan o‘zini o‘zi kamolotga yetkazish va o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun poydevor yaratib, o‘zida insonning butun umri davomida kerak bo‘ladigan bilimlarga qiziqish va intilishni shakllantirish muhimdir.

Shundan kelib chiqqan holda Qonunchilik palatasi deputatlari eshituvga tayyorgarlik ko‘rish doirasida o‘z saylov okruglarida tegishli ish olib bordilar. Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan maktabgacha ta’lim tizimining rivojlanishini, jumladan, bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb qilinishini, zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalari asosida ularni tarbiyalash va o‘qitish darajasi hamda sifatini o‘rganishga, sog‘lom va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirishga doir nazorat-tahlil tadbirlari tashkil etildi.

Tahlil mamlakatimizda uzluksiz ta’limning boshlang‘ich bo‘g‘ini tizimida sog‘lom, har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilganligini ko‘rsatdi. Hozirgi zamon talablari va standartlarini inobatga olgan holda maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirishga, ularni qayta qurish va modernizatsiya qilishga, shuningdek, Davlat byudjetidan moliyalashtirishga tobora ko‘proq ahamiyat berilmoqda. Oxirgi 3-yilda ajratilgan mablag‘larning hajmi 2 baravar ortdi.

Mamlakatimizda 4950 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi va 74 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha muntazam ish olib borilmoqda. Buning natijasida bolalarni umumta’lim maktablarida kelgusidagi o‘qishga tayyorlash darajasi oshmoqda. Sog‘lom bola yili munosabati bilan 2015-2020-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish Davlat dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Deputatlar eshituv chog‘ida ushbu sohada bir qator foydalanilmagan imkoniyatlar va ishga solinmagan zaxiralar mavjudligiga e’tiborni qaratdilar.

Ayniqsa, qishloq joylarda maktabgacha ta’lim muassasalarini yuqori malakali, tajribali pedagoglar bilan ta’minlagan holda ularning tarmog‘ini kengaytirishga, davlat standartlariga muvofiq o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishga, bolalarning o‘zlashtirish darajasini oshirishga e’tibor qaratish zarur.

Savol-javoblardan keyin xalq ta’limi vazirining axboroti har tomonlama muhokama etildi. Muhokama chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari so‘zga chiqdilar.

Nodira Karimova, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining a’zosi:

– Ta’limga sarflangan xarajatlarga kelajakka ajratilgan sarmoyalar deb qaraladi. Zero, zamonaviy bilimlar va mustaqil tafakkurga ega yuqori ma’lumotli avlodgina har qanday davlatning kelajagini ta’minlay oladi. Bolaning bilimlar olamiga qo‘ygan ilk qadamlaridan boshlab to‘laqonli ta’lim poydevor yaratiladi. Bunda aynan mamlakat iqtisodiyotining muttasil o‘sishi, yalpi ichki mahsulotning barqaror oshishi, bozor munosabatlari va mulkchilikning turli shakllari rivojlanishigina maktabgacha ta’limdan boshlab butun ta’lim jarayonini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Biz O‘zLiDePning dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini yanada rivojlantirish, ya’ni sohaga xususiy tadbirkorlik subyektlarini faol jalb qilish – bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq jalb qilinishini ta’minlashda yordam bergan bo‘lardi, deb hisoblaymiz. Fikrimizcha, nodavlat sektorining kengaytirilishi maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga, ulardagi o‘quv-tarbiya ishlarini yaxshilashga ko‘maklashadi. Shu munosabat bilan qishloq joylarida tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini qonun yo‘li bilan, shu jumladan, ularga imtiyozlar berish orqali rag‘batlantirish tizimini yaratish zarur.

Gulnoza Ernazarova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining a’zosi:

– Har yili Davlat byudjeti xarajatlarining taxminan 60 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Ularning katta qismi ta’lim tizimiga ajratilyapti. Bu sohaga ulkan ahamiyat berilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi hamda partiyamizning dasturiy maqsadlariga, elektorat manfaatlariga to‘liq mos keladi. Bizningcha, 2015-2020-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish Davlat dasturining loyihasini ishlab chiqishda hududlarning ichki ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan keng foydalanish zarur. Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini izchil rivojlantirish ehtiyojlariga uzviy bog‘liq tarzda oliy o‘quv yurtlarida, shu jumladan, imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ham yuqori malakali pedagoglar, defektologlar, psixologlarni tayyorlash, malaka oshirish institutlarida mutaxassislarni qayta tayyorlash chora-tadbirlarini ko‘rish zarur.

Shu bilan bir qatorda, biz oilalarni zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq jalb qilishga intilishimiz, shu jumladan, o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan bolalarning qisqa muddatli tayyorlov guruhlarini tashkil etishni yo‘lga qo‘yishimiz zarur.

O‘rol Xaitov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining a’zosi:

– Fraksiyamiz ushbu eshituvni o‘tkazishda tashabbuskorlik ko‘rsatgani bejiz emas, chunki o‘sib borayotgan yosh avlodni tarbiyalash va o‘qitish har doim dolzarbdir. Biz eshituvga tayyorgarlik ko‘rayotib, ushbu masalani puxta va har tomonlama o‘rganib chiqdik. Bolalarga muhabbat, ularning kelajagi to‘g‘risida doimo qayg‘urish – bu xalqimiz mentalitetiga xos xususiyatlardir. Buning ustiga, hozirgi vaqtda aynan yoshlar aholining asosiy qismini tashkil etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ushbu masala davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Shu sababli ham bizning milliy ta’lim uslubimiz chet ellik ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning muhim sharti” mavzuida Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada bizning milliy ta’lim uslubimiz eng yuqori bahoga sazovor bo‘ldi. Jahon hamjamiyati O‘zbekistonning ta’lim tizimi demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish maqsadlari bilan chambarchas bog‘liq ekanligini qayd etdi. Shuningdek, mamlakatimizning jahondagi nufuzi oshishi ham insonlarning, ayniqsa, yoshlarning bilim va ko‘nikmalari darajasiga, umuman aqliy salohiyatiga bog‘liq.

Shuni hisobga olgan holda, partiyamiz ta’limning barcha bosqichlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida takomillashtirishni taklif etmoqda. Bolaning har tomonlama kamolga yetkazilishi uchun uni har yoqlama aqliy, axloqiy, estetik jihatdan va jismoniy kamolga yetkazish masalalarini o‘z ichiga oladigan o‘qitish dasturlarini tatbiq etish muhim ahamiyatga egadir.

Bizningcha, maktabgacha ta’lim muassasalarini xalqimizning an’analari va urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmali qo‘llanmalar, didaktik materiallar, mantiqiy o‘yinlar va o‘yinchoqlar bilan ta’minlashni davom ettirish zarur. Bundan tashqari, pedagoglar faoliyatini ularning ish staji va malakasiga qarab rag‘batlantirish, bolalar bilan ishlashda zamonaviy usullarni joriy etish va innovatsion faoliyatdan foydalanish tartibotini yaratish zarur.

To‘lqin Abdusattorov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining a’zosi:

– "Sog‘lom bola yili" Davlat dasturi bolalarni har tomonlama kamolga yetkazishga qaratilgan. Bunday dasturlarning qabul qilinishi va izchil ro‘yobga chiqarilishini biror-bir boshqa mamlakatda kamdan-kam uchratish mumkin. O‘zbekistonning ta’lim tizimini boshqa davlatlar tizimlari bilan taqqoslaganda uning unumdorligi va samaradorligiga ishonch hosil qilish mumkin. Ekspertlar doiralarining vakillari ham mamlakatimiz tajribasini ana shunday e’tirof etmoqdalar. Ular ta’lim sohasi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligiga yuqori baho bermoqdalar.

Shuningdek, partiyamiz o‘z dasturi va saylovoldi platformasiga muvofiq bolalarni tarbiyalash va o‘qitish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga bolalar bog‘chalari, maktablarda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish masalalari bo‘yicha ko‘maklashishga intilmoqda.

Shu munosabat bilan, bizningcha, NNT, OAV, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda aholi orasida bolalarni erta kamolga yetkazish, ularni ijtimoiy moslashtirishda maktabgacha ta’lim muassasalarining rolini targ‘ib qilish va tushuntirishga doir bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Bundan tashqari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, maktabgacha ta’limni tashkil etish shakllari va usullarini keng joriy qilish, bolalarni “Bolajon” bazaviy dasturi asosida maktabga tayyorlashning variativ, qulay uslublarini rivojlantirish hisobiga ularni tayyorlash sifatini oshirishga doir aniq chora-tadbirlarni ko‘rish zarur.

Parlament eshituvining yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, uning faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, moddiy-texnik bazani bosqichma-bosqich mustahkamlash, ularni o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ularning moddiy rag‘batlantirilishini kuchaytirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2015-2020-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish Davlat dasturini ishlab chiqishni va qabul qilishni tezlashtirishni tavsiya qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati