French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar xalq orasida
14:16 / 2025-08-28

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi, aholi murojaatlari va muammolarini o‘rganishmoqda. Qonunchilik palatasi deputati Botirali Shodiyev ham Navoiy viloyatidagi bir qator tashkilot, korxona va muassasalarda bo‘ldi.

U Karmana tumanidagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yangi o‘quv yiliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari hamda o‘quvchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv davomida maktab infratuzilmasi, sinf xonalari ko‘zdan kechirildi. Davlatimiz rahbarining 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar doirasida o‘quvchi-yoshlarda ekologik bilim va ko‘nikmalarni oshirish, ularda tabiatga e’tibor va mehr uyg‘otish, atrof-muhitni asrash madaniyatini yoshligidan shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

– Bolalar tabiatga mehr bilan qarashni, uni asrab-avaylashni yoshlikdan o‘rganishi juda muhim, – deydi B.Shodiyev. – Chunki kelgusida ekologik barqarorlikni ta’minlaydigan ham aynan bugungi yoshlardir.

Uchrashuv so‘nggida o‘qituvchilar va maktab jamoasiga konsepsiya doirasida olib boriladigan ishlarni  samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Yangiobod va Uyrot mahallalari yettiligi va aholisi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda esa  aholining ijtimoiy muammolarini joyida hal qilish, fuqarolar bandligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ko‘mak berish, yoshlarni ma’naviy va ma’rifiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlarga e’tibor qaratildi.  

Tumandagi 1-oilaviy poliklinika faoliyatini o‘rganish jarayonida muassasaning ayrim bo‘limlari ta’mirga muxtoj ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasi haqida so‘z yuritilib, joylarda aholi salomatligini muhofaza qilish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish va eng muhimi, har bir fuqaroning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozimligiga e’tibor qaratildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri