Mamlakatni 2024-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan muhim vazifalarning ijro etilish holatini o‘rganish uchun Namangan viloyatiga kelgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ishchi guruhi o‘z ishini To‘raqo‘rg‘on tumanidan boshladi.
Tuman hokimligida mahalliy Kengash hamda ijro hokimiyati organlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish, investitsiya, sanoat, qurilish, transport, ekologiya, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan o‘tkaziladigan parlament nazoratining maqsad-vazifalari tushuntirildi.
Ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar joyiga chiqib o‘rganildi. Xususan, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishi bo‘yicha sanoatda tannarxni 15 foizga kamaytirish, korxonalarda qo‘shilgan qiymatni oshirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat sanoatida muhim o‘rin tutadigan ishlab chiqarish subyektlari – "Iftixor kiyim sanoat" mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Runam-teks” xorijiy korxonasi va “FT textile group” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda ularning natijadorligi bilan joyiga chiqqan holda tanishildi, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar o‘rganildi.
Dastavval “Do‘stlik” ordeni sohibasi Anna Dobrix boshchiligidagi “Iftixor kiyim sanoati” MCHJ tomonidan barpo etilayotgan ishlab chiqarish kompleksi ko‘zdan kechirildi. Asosan eksport faoliyati bilan shug‘ullanadigan, mahsulotlari Rossiya va Yevropa bozorlarida serxaridor sanalgan mazkur korxonaning kelgusidagi rejalari yuzasidan fikr almashildi.
– Oqtosh shaharchasidagi “Yoshlar” kichik sanoat zonasida joylashgan, “Shuhrat” medali sohibi Mahfuza Gyumyush boshchilik qilayotgan “Runam-teks” xorijiy korxonasida to‘rt yuzdan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlangani guruhimiz e’tiborini tortdi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafarjon Xudoyberdiyev. – Korxona yiliga 1 million 200 ming tonna, 10 million dollarlik qiymatdagi trikotaj mahsulotlarini Rossiya davlatiga eksport qilayotgani tahsinga sazovor. Qolaversa, kalava ip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “FT textile group” mas’uliyati cheklangan jamiyatida aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar e’tirofga molik.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Xayrullo G‘apporov rahbarligidagi parlament guruhi Chortoq tumanida ham bo‘lib, birinchi galda Xalq deputatlari tuman Kengashi hamda ijro hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan muloqotda muhim vazifalar belgilab olindi.
Deputatlar tumanda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va darajasini “Ash-shafi”, “Chortoq sadaf shifo”, “Chortoq mineral water” kabi xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyati misolida yaqindan o‘rgandi.
Masalan, Beshkapa mahallasida joylashgan “Ash-shafi” diagnostika va davolash markazi tadbirkor Rahmatillo Boqiboyev tomonidan 50 sotix maydonda barpo qilingan. 250 o‘ringa mo‘ljallangan shifoxonada o‘nga yaqin tibbiy yo‘nalishlarda tashxis qo‘yish va davolash uchun barcha sharoit yaratilgan, dorixona va laboratoriya mavjud. Zamonaviy tibbiy, jarrohlik amaliyotlari uchun uskunalar bilan jihozlangan shifoxona faoliyatidan aholi birdek mamnun. Muloqot davomida tadbirkorlik subyekti vakillari hamda unga kelgan fuqarolarning taklif va muammolari tinglandi.
Oromgoh mahallasida umumiy qiymati 7 milliard so‘mlik loyiha asosida bunyod qilingan “Chortoq sadaf shifo” sihatgohi MCHJda diagnostika, ambulator-stansionar sharoitida davolash va boshqa muolajalar yo‘lga qo‘yilgan. E’tiborlisi, ko‘rkam va shinam shifo maskanida 35 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat guruhning viloyatdagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri