Xalq demokratik partiyasi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tuman kengashi tomonidan “Ayollarning muammolarini hal etishda deputatlarning ishtiroki” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiyaning viloyat, tuman kengashi mas’ul xodimlari, tuman kengashi deputatlari va mutasaddi tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.
Unda tumandagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning holidan xabar olindi, muammolari atroflicha o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yangiobod MFYda yashovchi 6 ming 870 nafar aholidan 2 ming 260 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular orasida turmushda turli muammolarga, qiyinchiliklarga duch kelganlari ham yo‘q emas.
Jumladan, yolg‘iz ayol Roza Halikovaning uy-joyi ta’mirtalab ekanligi, o‘zining esa tibbiy muolaja olishga ehtiyoji borligi ma’lum bo‘ldi va ayolning muammolari shu joyning o‘zida hal etildi.
O‘zXDP Sharof Rashidov tuman kengashi va partiya deputatlari tashabbusi bilan uning uyini ta’mirlash, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan sog‘ligini doimiy nazorat qilish uchun bir nafar hamshira biriktirishga qaror qilindi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, 1-guruh nogironi Karomat Xadjayevaning holidan xabar olinib, 9 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda xotin-qizlar dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Sog‘ligida muammolar aniqlangan xotin-qizlarga zarur tavsiyalar berilib, koronavirusga qarshi vaksina olish zarurligi tushuntirildi.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA