So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har bir hududda yangi o‘zgarishlarning insonlar hayotiga kirib borishi bilan bir qatorda aholining yashash sharoitini o‘zgartirmoqda. Yurtimizda ta’limga berilayotgan e’tibor har bir yangilanish va islohotlarda o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Sayyora Imamovaning ishtirokida Beruniy tumanidagi 2 va 3-sonli texnikumlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov, Beruniy tumani hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Davronbek Karimov, xalq deputatlari Beruniy tuman Kengashidagi O‘zXDP deputatlik guruhi a’zolari, texnikumlarning o‘qituvchilari, o‘quvchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalishdi.

Ma’lumki, Murojaatnomada 2026 yildan boshlab ilg‘or xorijiy ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkazilishi, dual ta’lim asosida o‘qiyotgan 100 ming nafar o‘quvchiga stipendiya to‘lanishi hamda a’lo baholarga o‘qiyotganlarga oshirilgan miqdordagi stipendiyalar berilishi belgilangan. Ta’limning nazariya va amaliyot bilan uyg‘unligi, dual ta’lim tizimining joriy etilgani malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
Deputatlar ushbu ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 2-sonli texnikumda zamonaviy o‘quv xonalari, avtodrom va laboratoriyalar tashkil etilgan. 3-sonli texnikumda zamonaviy o‘quv xonalari, avtomobil haydash, ta’mirlash xonalari va ustaxonalar maxsus uskunalar bilan jixozlangan bo‘lib, o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, sport zali inventarlar bilan ta’minlangan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 3-sonli texnikum o‘quvchisi Nursulton Rustamboyev 2025 yil dekabr oyida Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida professional ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Professionallar” xalqaro bellashuvida 41 davlat ishtirokchisi orasida “Metallarga ishlov berish” kompetensiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan final bosqichida berilgan uchta amaliy topshiriqni mukammal bajardi va faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, yurtimiz nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirdi.
Tadbir davomida o‘quvchi yoshlar bilan samimiy muloqot tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan uchrashuv Ellikqal’a tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda partiya faollari, texnikum pedagog-o‘qituvchilari, o‘quvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatshishdi.

Uchrashuvda Prezident Murojaatnomasida mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi uchun belgilab berilgan ustuvor vazifalar, jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, yoshlar siyosati, aholi salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash, profilaktika va raqamlashtirish masalalari texnikum o‘quvchilari uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Deputatlar tumandagi 61-sonli umumta’lim maktabida bitiruvchilarining kasbiy ta’lim bilan qamrovi, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori tizimini yaratish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida kasblar mazmuni o‘zgarib, yangi malakalarga talab oshayotganligi, shu bois 9-sinfdan boshlab, yoshlar kasbiy yo‘naltiriladi va oliy ta’limga kirishni istamaganlar yoshlar texnikumlarda kasb egallaydi.
2026 yildan barcha hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari va “Kasblar shaharchasi” tashkil etiladi. Shuningdek, bitiruvchilar va ish beruvchilarni bog‘lovchi raqamli ekotizim yo‘lga qo‘yiladi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirib, qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri