Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda deputatlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimovning «Respublikada, shu jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida»gi axborotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqishdi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimiz atmosfera havosini ifloslantirishda eng ko‘p zararli tashlamalar turg‘un manbalar va transport vositalaridan chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarda namoyon bo‘layotganligi qayd etildi. 2023 yil bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami tashlamalar 2138,3 ming tonnani tashkil etib, ularning 1 279,9 ming tonnasi transport vositalaridan, 858,4 ming tonna sanoat korxonalaridan chiqqan tashlamalardir.
Tashlamalarning hududlar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatadiki, eng yuqori tashlamalar Toshkent viloyatida (679,7 ming tonna), Toshkent shahrida (417,6 ming tonna) hamda Qashqadaryo viloyatida (198 ming tonna) kuzatilgan.
Bundan tashqari, shaharlardagi atmosfera qatlamlarining past shamollatilishi, shahar transportining ko‘pligi, yo‘llarning tirbandligi, keng ko‘lamli qurilishlar, shuningdek, yashil hududlarning kamligi kabi omillar, meteorologik sharoitlar va antropogen yuklama atmosfera havosining yuqori ifloslanishiga olib kelayotganligi bayon etildi.
Shuningdek, axborotda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlarning ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bu boradagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasini aniqlash va oldini olish bo‘yicha joriy etilgan samarali mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, 2022 yil 1 yanvardan boshlab “Yevro-4” ekologik talablariga mos kelmaydigan benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan transport vositalarini olib kirish man etilishi natijasida birgina 2023 yilda ekologik talablariga javob bermaydigan 38 ta transport vositasi importiga rad javob berilgan.
Yig‘ilishda deputatlar Qonunchilik palatasi yalpi majlisida o‘tkaziladigan eshituvga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qilishdi.
– Sohaning yetuk olimlari, deputatlar hamda partiyamiz faollari hamkorligida tashkil etilgan ishchi-guruh a’zolari atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni birma-bir o‘rganib chiqishga harakat qilmoqda, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov. — Xususan, qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi «Ohangaronsement» AJda bo‘lib, korxonada chiqindilarni qayta ishlash imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldik. Ayni paytda havo keskin sovib ketganida ayrim korxonalar qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishiga to‘g‘ri kelayotganini ham kuzatdik. O‘rganishlarimiz natijasiga ko‘ra, tegishli xulosalar va takliflar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, xalq vakillari hududlardagi sanoat korxonalarida «yashil» texnologiyalardan unumli foydalanilishi va xavfsiz kimyoviy moddalarning qo‘llanishi bo‘yicha belgilangan qoidalarga rioya etilayotganligi yuzasidan o‘rganishlar olib borish, respublikamiz hududidagi daraxtlarni pasportlashtirish ishlarini jadallashtirishda parlamentning roli va o‘rnini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalarni bildirib o‘tishdi.
O‘z navbatida, eshituvga nafaqat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, balki atmosfera havosini muhofaza qilish masalasiga oid qaror qabul qilish va nazorat qilish vakolatiga ega boshqa idoralarning ham mas’ullarini taklif etish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, mas’ul idoralarga atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli katta bo‘lgan korxonalardagi holatni “kelishmasdan” tekshirish vakolatini qonunchilikda belgilash bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilishda deputatlar tomonidan vazirning tegishli axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, navbatdagi yalpi majlisda ko‘rib chiqishga oid qaror qabul qilindi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/BBB1bp38Lgc" title="Deputatlar tomonidan Ekologiya vazirligining dastlabki axboroti koʻrib chiqildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov(video), O‘zA