Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining bugun chaqirilgan navbatdagi sessiyasi oldidan deputatlar respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
– Prezidentimizning 2022 yil 26 yanvardagi “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda ayni paytda davom etayotgan diabet oyligi doirasida uyushgan kontingentda qandli diabet skriningini tashkil etish maqsadida mazkur ko‘rik tashkil etildi, – deydi respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali rahbari G.Negmatova.
– Bu avvalo deputatlarimizning o‘z salomatligiga e’tiborini oshirish borobarida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va diabetga qarshi kurashishda ularning faol ishtirokini kuchaytirishga yordam beradi. Shu kunlarda filial mutaxassislari tumanlarga chiqqan holda homilador ayollar, 40 yoshdan oshgan, ortiqcha tana vazni va semizligi bo‘lgan aholi qatlamida diabet va qalqonsimon bez kasalliklarini erta aniqlash va oldini olish maqsadida skrining tadbirlari olib bormoqda.
Jumladan, Urgut, Bulung‘ur, Oqdaryo, Payariq, Nurobod va Narpay tumanlaridagi oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalarida o‘tkazilgan ko‘riklar davomida 515 nafar fuqaroda semizlik, 259 nafarida qalqonsimon bez kasalliklari, 145 kishida qandli diabet aniqlandi. Xastalik aniqlangan bemorlarga davolash standartlariga asoslangan holda filial endokrinologlari tomonidan zarur tavsiyalar berildi.
G‘.HASANOV, O‘zA