Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan partiyadan saylangan deputatlar bilan hamkorlikda “Salomatlik sari” hamda “Bir deputat yuz ayolga ko‘makchi” loyihalari doirasida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Mahfuza Hamrayeva va Navoiy shahar Kengashi deputati Muhammad Eshniyozov tashabbusi bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 22 noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan kelib chiqadigan vazifalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat filialida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Unda Navoiy shahridagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan asosan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, shuningdek, nogironligi bo‘lgan 55 nafarga yaqin xotin-qiz malakali mutaxassislar ko‘rigi asosida o‘z salomatligini nazoratdan o‘tkazdi.

Partiya saylovoldi dasturida belgilab berilgan onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshini uzaytirish, sog‘lom millat genofondini asrash hamda olis hududlarda, murakkab iqlim sharoitida yashayotgan xotin-qizlarning sog‘ligini tiklashga ko‘maklashish, shuningdek, ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarni erta aniqlash va uning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida 25 nafar ayol ginekolog ko‘rigi, bachadon bo‘yni raki kasalligi tekshiruvidan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, 26 nafar ayol markazda yo‘lga qo‘yilgan sitiologik tekshiruvidan o‘tkazildi. Shuningdek, tibbiy ko‘rik davomida ayollarda ultratovush tekshiruvi, fizioterapevtik muolajalar ham amalga oshirildi.
Ko‘rik davomida xastaliklar aniqlangan ayollarga tegishli muolajalar qilinib, zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan davra suhbatida ayollar o‘rtasida ko‘p uchraydigan xavfli kasalliklar, xususan, onkologik xastaliklarning kelib chiqishi sabablari, ularning oldini olish, fuqarolarning tibbiy bilim va savodxonligini yuksaltirish bo‘yicha tushunchalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri