Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Namangan viloyatidan saylangan deputatlar o‘z saylov okruglari hududlari bo‘ylab xizmat safari davomida o‘rganishlar olib bormoqda.
Jumladan, parlament quyi palatasi deputatlari, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari Hilola Yusupova va Odiljon Mamadaliyevlar Namangan shahridagi qator mahallalar, ta’lim va tibbiyot muassasalarida bo‘lib, soha xodimlari hamda fuqarolar bilan muloqot o‘tkazdi.

Xalq noiblari O’zLiDeP viloyat partiya tashkiloti mutasaddilari hamrohligida viloyat markazida tadbirkor Nargizaxon Xolmirzayeva tomonidan tashkil etilgan “Boos Baby” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishuvi qizg‘in kechdi.

Mazkur zamonaviy maskan 2-7 yoshdagi 50 nafar bolani qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, ertamiz egalari uchun har tomonlama mukammal tarbiya va ta’lim beradigan sharoit yaratilgan.

Bog‘chada, eng avvalo, bolalarning ona tilini chuqur o‘rganishiga katta e’tibor qaratilgani quvonarli. Shu bilan bir qatorga, rus va ingliz tillari, bolalar gimnastikasi, mental arifmetika, shaxmat to‘garaklari ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
E’tiborlisi shundaki, bolalar nutqining to‘g‘ri rivojlanishi uchun maktabgacha ta’lim tashkilotida logoped mutaxassis ham doimiy ravishda ish olib boradi.

Xotin - qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, uyda o‘tirgan ayollarning bandligini ta’minlash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ayni shundan kelib chiqqan holda Namangan shahrida opa-singillarimizni ishga joylashtirish va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi a’zosi Hilola Yusupova “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi raisi Nargiza Muhammadiyeva va Namangan shahar hokimining o‘rinbosari – shahar oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilorom Abdurahimovalar bilan birgalikda Ma’rifat mahallasida istiqomat qiluvchi Nodira Umarova xonadonida bo‘ldi.
Tashrif davomida “Ustoz-shogird” an’anasi asosida kasanachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan samimiy muloqot o‘tkazildi. Suhbat jarayonida ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan ish o‘rinlari va oilalar daromadini oshirish borasidagi yutuqlar haqida fikr almashildi.
Ayniqsa, kasanachilik asosida yo‘lga qúyilgan tikuvchilik faoliyati orqali xotin-qizlar ish joyiga ega bo‘lgani, ular o‘z halol mehnati orqali oilaviy daromadni mustahkamlab, farzandlari ta’lim-tarbiyasiga munosib hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA