Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar sud ekspertiza markazlari faoliyati bilan tanishdi
12:43 / 2025-11-13

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Mazkur loyihada nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarining huquqiy maqomi va ularga qo‘yiladigan talablar, ekspertlik faoliyatini metodik ta’minlash va tartibga solish mexanizmlari, advokatlar, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari asosida shartnoma asosida ekspertiza o‘tkazish imkoniyati, akkreditatsiya va validatsiya institutlarini joriy etish, sud-ekspertiza muassasalari, ekspertlar hamda uslubiyotlar ro‘yxatining yagona davlat reyestrini yuritish kabi muhim masalalar nazarda tutilmoqda. 

Quyi palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi deputatlari mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida davlat va nodavlat sud ekspertiza markazlariga tashrif buyurib, ularning imkoniyatlari bilan tanishdilar. 

Xususan, qo‘mita a’zolari Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida bo‘lib, 50 dan ortiq ekspertiza turlari bilan tanishdilar. 

Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi hamda “PROEX” nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida ham bo‘lib, ekspertlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishildi. 

Tashrif davomida deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, qonun loyihasining amalda qo‘llanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Qayd etish lozim, mazkur qonun loyihasi qabul qilinsa, sud-ekspertiza tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, nodavlat ekspertlik faoliyatini rivojlantirish imkoniyati kengayadi. 

M.Komilova, O‘zA