Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputatlari shu kunlarda o‘z saylov okruglarida aholi bilan uchrashib, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar hamda joriy yilga mo‘ljallangan o‘z rejalari haqida ma’lumot bermoqda.
Jumladan, 3-So‘zangaron saylov okrugidan saylangan deputat Nargiza Abdullayeva Samarqand shahridagi Charmgari mahallasida “mahalla yettiligi”, nuroniylar hamda faollar bilan uchrashdi.
3400 nafarga yaqin aholi yashayotgan mahallada 960 oila bo‘lib, hudud jinoyatchilikdan xoli hisoblanadi. Hududda bir qator xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyat ko‘rsatadi va aholining asosiy qismi mazkur sub’ektlarda mehnat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlik, hunarmandlik bilan shug‘ullanadiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

Deputat davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2026 yilning yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi keyingi yillarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish, davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi.

– Bu yil mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish uchun juda katta mablag‘ ajratiladi, – dedi N.Abdullayeva. – Viloyatimizda ham har bir tuman va shaharda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilayotgan mahallalar tanlanib, ularning infratuzilmasini yangilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun 5 milliard so‘mgacha mablag‘ berilmoqda. Aholini ijtimoiy himoya qilishga har qachongidan ko‘proq e’tibor qaratiladi. Bu ishlar izchil davom ettirilib, 2030 yilgacha barcha mahallalar qiyofasi o‘zgaradi, zamon talablariga mos turmush sharoiti yaratiladi.
Deputat mahalla markazida tashkil etilgan va ayni paytda 25 nafar ayol doimiy ish bilan ta’minlangan “Charmgari” tikuv korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona faoliyatini rivojlantirish yuzasidan mahalla faollari bilan fikr almashildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri