English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar saylovchilari bilan uchrashdi
18:01 / 2025-04-28

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘tgan hafta o‘z saylov okruglarida bo‘lib, saylovchilari murojaatlarini tingladi, o‘rganish ishlarini olib bordi.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi a’zosi Azamat Pardayev Oqdaryo va Jomboy tumanlarida qabul o‘tkazdi. 

Oqdaryo tumanidagi Prezident Xalq qabulxonasida tashkil etilgan qabulda A.Pardayev tuman hokimi bilan birga fuqarolar murojaatlarini tinglab, mas’ullar bilan mavjud muammolarni hal qilish choralarini belgiladi. 

– Tumandagi 1-sonli politexnikum, 10-umumta’lim maktabi, oilaviy shifokorlik punkti va “HAKAN AGRO INVEST" korxonasida saylovchilar bilan uchrashuvlarda “Obod mahalla” dasturi, oilaviy shifokorlik punktini rekonstruksiya qilish, transformator, simyog‘ochlarni almashtirish, ichki yo‘llarga shag‘al yotqizish va kommunal muammolar bo‘yicha murojaatlar bildirildi, – deydi A.Pardayev. – Murojaatlar va takliflarni tegishli vazirlik, idoralar hamda boshqa mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovlarini yuborgan holda hal etish choralarini ko‘ramiz.

Jomboy tumani Shirinkent mahallasidagi qabulda ham saylovchilar hududdagi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, moddiy yordam, nafaqa, elektr va gaz ta’minoti kabi masalalarda deputatdan ko‘mak so‘radi. 

Qonunchilik palatasidagi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Yelena Kompolshik partiya faollari va Samarqand shahar Kengashi deputatlari bilan birgalikda shaharning Qorasuv massivida joylashgan “Vavu City” xususiy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini o‘rgandi. O‘rganish davomida bolalar bog‘chasidagi sharoit, ta’lim-tarbiya jarayonlariga e’tibor qaratildi. Bog‘cha rahbarlariga zarur tavsiyalar berildi. 

Deputat bu kabi o‘rganishlar aholining farovonligini oshirish, ijtimoiy adolatni o‘rnatish va korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri