Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar Samarqand shahrini kengaytirishni ma’qulladilar
15:58 / 2025-12-10

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining bugun o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida Samarqand shahri, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Samarqand va Toyloq tumanlarining mavjud ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari shu yilning 25 noyabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlarining shaharga tutash hududlarini Samarqand shahriga qo‘shish orqali uni bir millionli shaharga aylantirish, aholining urbanizatsiya darajasini oshirish ishlari davom etishini ta’kidlagan edi.  

Samarqand shahar hududini kengaytirish bo‘yicha berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq deputatlari Samarqand shahar va Oqdaryo, Pastdarg‘om, Samarqand, Toyloq tumanlari Kengashlarining sessiyalarida mazkur hududlar chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan edi.  

Ushbu qarorlarga ko‘ra, Pastdargom tumanidan 1242 gektar maydon (7 ta mahalla, 20 ming aholi), Toyloqdan 1266 gektar (8 mahalla, 12 ming aholi), Samarqand tumanidan 13308 gektar (68 mahalla, 235 ming aholi), Oqdaryodan 1411 gektar (2 mahalla, 10 ming aholi) Samarqand shahriga o‘tkaziladi.  

Sessiyada ishtirok etgan Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Navro‘zjon Rahmonovning qayd etishicha, ma’muriy-hududiy chegaralarning o‘zgarishi natijasida shahar hududi 28403 gektarga, aholisi esa 880 ming nafarga yetadi. Shaharning kengayishi va aholi soni oshishi odamlar uchun zamonaviy infratuzilma va qulay turmush sharoiti yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish, ijtimoiy soha muassasalari tashkil etish, yangi uy-joylar qurish kabi uzoq muddatli dasturlarni amalga oshirishga asos bo‘ladi. O‘z navbatida shaharning Pastdarg‘omga tutash sanoat zonasidan 518 gektar yer maydoni ushbu tumanga o‘tkazilmoqda va bu hududda sanoatni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri