Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar qonun loyihasi uning konsepsiyasiga mos bo‘lishi kerakligini ta’kidladi
12:21 / 2024-02-06

Bugungi kunda o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ularni ko‘paytirish choralarini ko‘rish hamda ulardan ehtiyotkorona foydalanish dolzarb masalalardan biriga aylangan. Ayniqsa, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan o‘simlik va hayvonot turlarini asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratish lozim.

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvonot turlarini muhofaza qilishni yanada kuchaytirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bu borada muayyan choralarni belgilash nazarda tutilmoqda.    

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ekologik masalalar, xususan, atrof-muhitni asrash, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishga doir bir qator normalar o‘z aksini topdi, — dedi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov. — Qonun loyihasi bilan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvon va o‘simliklar turlaridan foydalanishni taqiqlovchi va cheklovchi talablarni belgilash nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan turlarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va ularning yashash-o‘sish muhitini asrash, alohida muhofazaga olish hamda kelajak avlodga bus-butunligicha qoldirish imkoniyatini beradi.  

Muhokamalarda so‘z olgan deputat Zafar Xudoyberdiyev qonun loyihasi va uning konsepsiyasi bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini, loyihada taqiqlovchi va cheklovchi talablar ko‘rinmayotganini bildirdi. Shuningdek, deputat “tushuntirish xatida “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasida Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni o‘lja olish maqsadida ovlash normasi kuchaytirilayotgani aytilyapti, ammo loyihada kuchaytirilayotgan norma yo‘q”, dedi.    

Shuningdek, Spiker ham deputatning e’tirozlari o‘rinli ekanligini ta’kidlab, qonun loyihasidagi kamchilik va nomuvofiqliklarni qayd etdi.  

Bundan tashqari, yana bir qator deputatlar qonun loyihasining kamchiliklari, konsepsiyasiga mos kelmayotgani haqida qator savol va e’tirozlarni o‘rtaga tashladi. Mas’ul qo‘mita raisi esa loyihani konseptual jihatdan ma’qullab berilishini, ikkinchi o‘qishgacha yanada takomillashtirilishini bildirdi. Ammo deputat Shuhrat Sharofiddinov konsepsiyasini ma’qullash uchun loyiha konsepsiyaga mos bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.  

Vazir o‘rinbosari deputatlarning e’tirozlari o‘rinli ekanini tan olgan holda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga qadar yanada takomillashtirishga, normalarni kuchaytirishga, kamchiliklarini to‘g‘rilashga va’da berdi. 

Qizg‘in bahs-munozara va taklif-mulohazalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.    

Muhtarama Komilova, O‘zA