O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov, O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva, partiyaning Toshkent viloyat Kengashi raisi Gulnora Ahmedova Oqqo‘rg‘on tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini o‘rgandi.
Dastlab, deputat Narimon Umarov tuman hokimi To‘ra Bobolov bilan uchrashib, investitsiya, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi. Suhbat davomida hududning investitsiyaviy salohiyat yuqori ekani, sanoat sohalarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi, shu bilan birga, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilish lozim bo‘lgan ishlar, eksport qilinadigan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidlandi.

Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar sarhisob qilindi. O‘rganish davomida mahallalar hududidagi qishloq xo‘jaligi agregatlarini ishlab chiqarish zavodi, transformator va kabellarni ishlab chiqarish zavodi qurilish ishlari, trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi kabi manzillar faoliyatlari bilan yaqindan tanishildi.

E’tiborlisi, tumandagi barcha davlat va xususiy ob’ektlar xatlovdan o‘tkazilib, so‘nggi ikki yilda bo‘sh turgan ob’ektlar mahalla infratuzilmasidan kelib chiqib, xorijiy va mahalliy investorlar jalb qilingan.

Shuningdek, ishchi guruh “Tortuvli” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla yettiligi faoliyati, ularning amalga oshirilayotgan ishlari hamda muammolarini o‘rgandi. Tuman markazida joylashgan Tibbiyot birlashmasidagi muloqotlar ham qizg‘in tarzda o‘tdi. Shifokorlar hamda aholining fikr-mulohazalari tinglandi.

Jarayonda tibbiy buyumlarning sifati, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berilayotgan dori-darmonlar va tibbiy vositalarga ham e’tibor qaratildi. Aniqlangan muammo va kamchiliklar bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi va doimiy nazoratga olinishini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.