Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar mutasaddilarning hisobotlarini eshitdi
17:58 / 2025-07-04

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi va natijadorligini oshirish, jarayonlarning adolatli hamda shaffofligini ta’minlashda jamiyatimizda shakllangan jamoatchilik nazorati tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jamoatchilik nazoratini samarali yo‘lga qo‘yishda fuqarolik jamiyatlari institutlari qatori siyosiy partiyalarning alohida o‘rni bor. Bu borada Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan  “O‘zLiDeP deputatlik guruhlari minbari” loyihasi ham ta’sirchan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga ma’lum darajada hissa qo‘shmoqda. 

Mazkur loyiha doirasida xalq deputatlari Andijon viloyati kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Andijon viloyati Moliya-iqtisodiyot hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari mutasaddilarining joriy yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlari eshitildi. 

Viloyat moliya-iqtisodiyot boshqarmasi sho‘’ba mudiri Azizbek Madaminovning ta’kidlashicha, mahalliy byudjet daromadlarining 2025 yil 5 oylik prognoz ko‘rsatkichlari 106 foizga bajarilgan.

Shuningdek, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 4 ta ob’ektga jami 31,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kun holatiga 4,8 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, hisobotda Andijon, Asaka, Qorasuv va Shahrixon shaharlarining urbanizatsiya darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijrosi, elektr tarmoqlarining qurilishi, transformatorlarning o‘rnatilishi, kambag‘al oilalar daromadini oshirishga ko‘maklashish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi sho‘’ba mudiri Saidahror Bahodirovning axboroti eshitildi. 

Hisobotda 2025 yil 1 yanvar holatiga 1 million 817 ming nafar mehnat resursi mavjudligi aytib o‘tildi. Xususan, viloyatdagi iqtisodiy faol 1 million 424 ming nafar aholidan 1 million 347 ming nafari yoki 94 foizi ish bilan bandligi ta’kidlandi. 

Bugungi kunda viloyatda ishsiz fuqarolar 77,2 ming nafarni tashkil etadi. Umuman, ishsizlik darajasi 5,4 foizni tashkil etib, o‘tgan 2024 yilning boshiga nisbatan 1,6 foizga kamaygan.

Shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi yuqori maosh to‘lovchi va xavfsiz mehnat sharoitlariga ega bo‘lgan ish beruvchilarni aniqlash, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolarni chet tillari va kasblarga o‘qitish, o‘rgatish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar bilan muloqotlar tashkil etish, ularning muammolarini hal etilishiga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi. Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan manzilli ijtimoiy yordamlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Deputatlar tomonidan hisobotlar, shuningdek, har ikki yo‘nalishda aholini qiynab kelayotgan muammolarini bartaraf etish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi, takliflar berildi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.