Yaqinda Prezidentimizning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida va Oliy Majlis palatalarining majlislarida belgilangan vazifalarning ijrosini og‘ishmay tashkil etish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida hadli konvensiyasining Kioto protokoli va Parij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
2025 yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash maqsadida Navoiy viloyatidagi mahallalarda aholi uchun piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilayotganligi, suv tejovchi, mevali hamda iqlim o‘zgarishi sababli yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladigan soyali sayr ko‘chalari tashkil etilishida davlatimizning tashabbuskor bo‘layotganligi keng jamoatchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Uch yilda to‘liq hosilga kiradigan, intensiv usulda yaratilgan sifatli va serhosil toklardan ko‘proq ekish orqali aholimizning ma’lum darajada oziq-ovqat xavfsizligiga hamda atrof muhitni muhofaza etilishiga erishiladi.
Bu borada aholini bog‘dorchilikka o‘qitish talab etilmaydi. Sababi bog‘dorchilik madaniyati ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan ko‘p ming yillik ko‘nikma va an’ana hisoblanadi.
Buni amalga oshirish maqsadida aholiga subsidiya hamda banklardan kam foizli kreditlar ajratish yanada takomillashtirilib, tartiblar soddalashtiriladi va ushbu sohadagi islohotlarning amaliyotga joriy etilishi tezlashtiriladi.
Davlat dasturida belgilab berilgan reja va topshiriqlarning joylardagi ijrosini tizimli tashkil etish, o‘rganishlar olib borgan holda jamoatchilik nazorati asosida o‘z vaqtida va samarali bajarilishini ta’minlash esa biz deputatlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Davlat dasturi aholimizning turmush darajasini yanada yaxshilanishi, “yashil iqtisodiyot”ni ommalashtirish va aholimizning bu boradagi ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Muhammad Eshniyozov,
xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashidagi
O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari.
O‘zA