Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Firdavs Sharipovning bu galgi saylovchilar bilan uchrashuvlari samarali kechmoqda.
Dastlab, deputat Denov tumanida barpo etilayotgan Mintaqaviy bolalar shifoxonasi hamda Sina hududiy tug‘uruq bo‘limi binolarining qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Pudratchi, loyihachi, buyurtma beruvchi bilan suhbatlashib, qurilishni o‘z muddatida va sifatli tarzda topshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng, tumandagi Lochin mahallasida joylashgan “Qaqajonlar” MTT tasarrufidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan kunduzgi parvarishlash guruhi faoliyati bilan tanishdi. Suhbatlar chog‘ida ota-onalar muassasada yaratib berilgan barcha shart-sharoitlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorliklarini bildirishdi. Tumanning chekka huddudlarida ham xuddi shunday guruhlar tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Denov tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida mahallarda faoliyat olib borayotgan ijtimoiy xodimlar bilan uchrashuvda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar mazmun-mohiyati bilan batafsil tanishtirildi, ayrim tavsiyalar berildi. Shuningdek, bir qator takliflar olindi.
Tumandagi O‘zgarish, Obodon mahallalari, 38 va 43-sonli umumta’lim maktablari, 22-sonli oilaviy poliklinikada “mahalla yettiligi”, mahalla faollari va shifokorlar bilan sayyor uchrashuvlarda mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda “ijtimoiy profilaktika” tizimini to‘g‘ri tashkil etish, to‘y-hasham, ma’raka va marosimlarda ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik hamda qabul qilingan qonunlar hamda Qonunchilik palatasida muhokamada bo‘lgan qonun loyihalari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi. Shu bilan birga, aholi muammolari o‘rganildi, takliflar olindi.
Shuningdek, deputat ishtirokida Denov tumanidagi Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul jarayonida 15 nafardan ortiq fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, ijrosini ta’minlash yuzasidan bevosita mas’ullar belgilandi va ayrimlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Tuman kadastr agentligida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunning ijrosi holati o‘rganildi, murojaat qilib kelgan fuqarolar bilan muloqot qilindi.
Madina Abdumo‘minova,
O‘zDJTU talabasi