Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar Favqulodda vaziyatlar vaziri birinchi o‘rinbosari A. Qo‘ldoshevning «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyati favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotini eshitishdi.
Vazirlik axborotida Farg‘ona vodiysini respublikaning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi muhim strategik ahamiyatga ega A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil va «Angren-Pop» elektrlashtirilgan temir yo‘llarining «Qamchiq» dovonidan o‘tuvchi qismlarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, A.Qo‘ldashev Amudaryo va Sirdaryo daryolari borib quyiladigan suv havzalari, tog‘li hududlarda joylashgan ko‘llar, 73 ta suv ombori va sel-suv inshootlarining holati o‘rganib chiqilganiga alohida to‘xtaldi.
Qonunchilik palatasida tez kunlarda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri R.Davletovning «Jamiyatda huquqiy tarbiya, huquqiy madaniyat va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitish ko‘zda tutilgan.