Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Deputatlar faolligini oshirish ustuvor vazifa
12:27 / 2021-03-14

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov rahbarligidagi Parlament komissiyasi Navoiy viloyatida bo‘ldi.

Qiziltepa tumani hokimligida “bugungi kun deputati: partiya tashkilotlari va deputatlar oldida turgan dolzarb masalalar” mavzusida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zMTDPning viloyat va tuman Kengashlari xodimlari, deputatlar qatnashdi.  

– Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada tegishli hujjatlar qabul qilinmoqda, – dedi A.Qodirov. – Endi ularning ijrosini  ta’minlash ham alohida mas’uliyat talab qiladi. Biroq ayrim odamlar orasida uchrayotgan boqimandalik kayfiyati, tobora kuchayib borayotgan shikoyatbozlik, qanoatsizlik holatlarini qanday bartaraf etish mumkin? Shuning uchun ham ushbu sohadagi muammolarni tizimli hal qilish maqsadida joylardagi Xalq qabulxonalarini sud tizimiga o‘tkazish haqida taklif kirityapmiz. Shuningdek, mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz faoliyatini ham yanada jonlantirishimiz lozim.

Uchrashuv davomida ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda ijtimoiy tarmoqlardagi axborot xurujlariga qarshi turish haqida ham batafsil to‘xtab o‘tildi. “Oldimizda muhim siyosiy jarayon turibdi. Biz unga puxta hozirlik ko‘ryapmiz. Internet ham ommaviy axborot maydoni hisoblanadi. Hozirdanoq bu maydonda turli qarama-qarshi fikrlar bildirilmoqda. Biz ham o‘z munosabatimizni bildiraylik. Men deputatlarimizni yanda hushyor va ogoh bo‘lishga, faollikka chaqiraman. Axborot xurujlari ortida 4 ta bloger emas, balki manfaatdor kuchlar borligini unutmasligimiz zarur”, deb ta’kidladi Alisher Qodirov.

Uchrashuvda Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati Mashhura Karimova hududdagi kasb-hunar ta’limi maktablariga amaliy ko‘mak berish, ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘quvchilarga bilim dargohiga borib-kelishi uchun avtobus ajratish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Komissiya Qiziltepa tumani tibbiyot birlashmasida o‘rganishlar olib bordi. Bu yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishuv asnosida shifokorlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida bugun yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z bordi.

Tibbiyot, farmatsevtika sohasini tubdan isloh qilish, sog‘liqni saqlashda tibbiy profilaktikaning o‘rnini oshirib borish, shuningdek, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha islohotlarni jadallashtirish zaruriyati xususida so‘z bordi. Bundan tashqari, tibbiyotning birlamchi-profilaktika tizimini yanada rivojlantirish, ushbu sohada faoliyat ko‘rsatadigan xodimlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish ham muhim ekani qayd etildi.

Tadbirda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Erkin Yusupov taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, tibbiyot birlashmasi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifat va samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy tibbiy uskunalar, jumladan, raqamli rentgenografiya, magnit rezonansli tomografiya olinishida amaliy yordam zarurligini bildirdi.

Bundan tashqari, Qiziltepa tumanidan xalqaro ahamiyatga ega M-37 magistral trassasi va temir yo‘l o‘tganligi tufayli har xil avtohalokatlarning ko‘p bo‘lishini inobatga olib shoshilinch tibbiy yordam bo‘limini 30 o‘rindan 50 o‘ringa yetkazish, oilaviy poliklinika, oilaviy shifokorlik punktlaridagi ma’nan eskirgan uskuna va jihozlarni yangisiga almashtirish, muqobillashtirishga tushgan “Olmazor”, “G‘amxo‘r”, “Mahalla”, “Malikobod”, “Bobodo‘g‘i”, “Revartun”, “O‘zbekiston”, “Arabxona”, “Azizobod”, “Xusharti” qishloq vrachlik punktlarini qayta tiklash, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi Qiziltepa filiali maqomini oilaviy poliklinikaga o‘zgartirish masalalarida ham ko‘mak berilishini so‘radi.

Partiya raisi ushbu takliflar bosqichma-bosqich o‘rganilib, tegishli xulosalar asosida ijro uchun ko‘rib chiqilishini bildirdi.

O‘rganishlar davomida Navoiy davlat pedagogika instituti faoliyati bilan ham tanishildi.

Partiya raisi oliy ta’lim muassasasi talabalarining ta’lim, sport va san’at sohasida erishayotgan yutuqlari va ijod namunalari bilan tanishdi. Yoshlarning orzu-umidlari, kelajak rejalari bilan qiziqdi. Besh muhim tashabbus doirasida institutda amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor bo‘ldi.

Parlament komissiyasi a’zolari Navoiy davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrif buyurdi.

Vatanimiz mustaqilligi va ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan, bugungi yorug‘ kunlarni ko‘rolmay ketgan millatparvar ajdodlarimiz xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat-ehtirom namunasi sifatida ochilgan muzeyda bo‘lgan har bir kishi Istiqlolga, tinch va osuda zamonga shukrona aytadi.

Parlament komissiyasi a’zolari Navoiy shahridagi zamonaviy ta’lim maskanlaridan biri – Beruniy nomidagi davlat-xususiy sherikchilik maktabida bo‘ldi.

Eng ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim beriladigan ushbu maskanda o‘quvchilarning bilim olishi, yashashi, ovqatlanishi va darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan. Sinf xonalari so‘nggi rusumdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan to‘liq jihozlangan. Turli sport, xorijiy tillarni mukammal o‘qitish maqsadida tashkil etilgan to‘garaklar esa bolalarning zehni va aqliy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘rganishlar davomida bu yerdagi yangicha tizim – zamonaviy o‘qitish metodikasini tajriba sifatida respublika miqyosida ommalashtirish, shu maqsadda Xalq ta’limi vazirligi, ta’lim sifatiga mas’ul tashkilotlarni jalb qilib, seminar tashkil etish, kelajakda davlat-xususiy sherikchilik maktablarini yanada takomillashtirish bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

bugungi kunda ta’limga qancha ko‘p investitsiya kiritilsa, natija ham shuncha yuqori bo‘lishi, kelajakka yo‘naltirilgan sarmoya albatta, to‘rt-besh hissa bo‘lib qaytishi ta’kidlandi.

Bildirilgan taklif va tashabbuslar Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida yana bir bor muhokama etilib, ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga asos bo‘lishi shubhasiz.

Abduvali Bo‘riyev,

O‘zA