Andijonda Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va 2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”ning aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish yo‘nalishi bo‘yicha Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nozim Abdug‘apparovning hisoboti eshitildi.
Xalq deputatlari Andijon viloyat va shahar Kengashlaridagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlik guruhi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlik guruhi a’zolari, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Andijon viloyatida byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tizimidagi ishlar samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
Hisobotda Pensiya jamg‘armasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatdagi 393 ming nafar fuqaroga har oyda pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun oylik talabnomalarni o‘z vaqtida moliyalashtirilishi hamda to‘liq to‘lanishi ta’minlanib, bu maqsadlarga Pensiya jamg‘armasi hisobidan 2 trillion 677 milliard so‘m va respublika byudjetidan 276,6 million so‘m mablag‘ xarajat qilinishi ta’kidlandi.
Joriy yil 1 yanvar holatiga viloyatda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 378 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 1 sentyabrga kelib, 15 ming nafarga ortdi, ularning umumiy soni 393 ming nafarga yetdi. Nafaqa oluvchilarning aholi umumiy sonidagi ulushi 12 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 apreldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoniga asosan, joriy yil 1 maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirilgan holda yangi miqdorlarda to‘lanishi ta’minlandi.
Pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklari filiallarida bank plastik kartalarini ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtirish bo‘yicha Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” dasturiy majmuasi va barcha tijorat banklari axborot tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Pensiya va nafaqa oluvchilarga hisoblangan pensiya (nafaqa) to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishib borish, tizimda shaffoflikni ta’minlash uchun telegramm tarmog‘ida “pensyuuzbot” boti yaratildi, ayni kunda undan qariyb 60 ming nafardan ortiq fuqaro foydalanmoqda.
Ishtirokchilar tomonidan pensiya tizimidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Boshqarma boshlig‘i deputatlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F.Ubaydullayev, O‘zA