Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, muammolarga yechim topish, aholini qiynayotgan masalalarni hal etish va ularning takliflarini o‘rganish maqsadida hududlarda aholi vakillari bilan uchrashmoqda.
Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati Bahodir Mamatxonov xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati Ilhom Rajabov hamda Karmana tuman Kengashi deputati Zohid Ostonovlar bilan birgalikda Shibzon mahallasida joylashgan 60 o‘ringa mo‘ljallangan “Marvarid” maktabgacha ta’lim tashkilotidagi muammolarni o‘rgandi.

Uchrashuvda hududda aholi zich joylashganligi bois ta’lim muassasasini 120 o‘ringa yetkazish, binoni isitish qoplamasi bilan ta’mirlash, bu orqali elektr energiyasi hamda tabiiy gazni sezilarli darajada iqtisod qilish taklifi bildirildi. Shuningdek, muassasaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish, pedagoglar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish ham muhim ekanligi ta’kidlandi.

“Madaniyat” oilaviy shifokorlik punktida esa fuqarolarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, muammolar va takliflar tinglandi. O‘rganish davomida fuqarolarni elektron navbatga qo‘yish, buning uchun esa talabga javob beradigan zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlash zarurligi yuzasidan tegishli mutasaddilarga murojaat qilinishi belgilandi.
“Mahalla yettiligi” faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan davra suhbatida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi ko‘rib chiqildi. Unda dastur asosida xonadonlarga ajratilgan imtiyozli kreditlar, oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan yoshlarga to‘lov shartnoma pullarini to‘lash va moddiy yordamlar ajratish jarayoni, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ishlar muhokama etildi.

Suhbat jarayonida issiqxona egalari Odil Sotiboldiyev va Sardor Mustafoyevlar o‘z faoliyatini kengaytirish uchun yaratilayotgan sharoit va berilayotgan imtiyozlar haqida to‘xtaldi. Ya’ni davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralarining natijasida ishlab chiqarish hajmi oshib, yangi ish o‘rinlari yaratayotgani, issiqxonalarning samarali faoliyat yuritilishi natijasida bozorga sifatli va arzon mahsulot yetkazib berilayotganligini ta’kidladi.

Deputatlar Qiziltepa tumanida ham bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Dastlab xalq deputatlari Qiziltepa tuman Kengashi deputati Mashhura Karimova bilan birgalikda 3-son Bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib, maktabning moddiy-texnik bazasi, pedagog kadrlar va o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar atroflicha tahlil qilindi. O‘rganishlar natijasida maktabga uzoq hududlardan keladigan o‘quvchilarning yo‘l haqi xarajatlarini qoplashni e’tiborga olish va cholg‘u asboblarini sotib olish hamda ta’mirlash uchun mablag‘ ajratish takliflari ilgari surildi.
Shuningdek, 19- va 28-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarning kelib ketishlariga sharoit yaratish va qo‘shimcha o‘yinchoqlar hamda ayrim musiqa asboblari bilan ta’minlanishi, bolalarning ovqatlanish ratsionlari o‘rganildi.
Bugungi kunda “Vang‘ozi” MCHJda zamonaviy dizaynga ega, bozor talablariga mos ravishda bolalar kiyimlari ishlab chiqarilmoqda. Deputatlar tikuvchilik korxonasidagi ish jarayonlari, xotin-qizlarning bandligi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini ko‘zdan kechirib, o‘zaro fikr almashdi va o‘z takliflarini bayon qildi.
Deputatlarning viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini o‘rganish jarayonlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri